Yoshlar yetakchilariga planshetlar topshirildi
2026 yil 15 yanvardan O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini onlayn ro‘yxatga olish jarayoni yo‘lga qo‘yildi. Ro‘yxatdan o‘tish OneID orqali amalga oshiriladi va census.stat.uz portalida 17 kun davom etadi.
Ushbu jarayonda ishtirok etayotgan 24 nafar yoshlar yetakchilariga Sirdaryo viloyatining Guliston tumani hokimi tashabbusi bilan zamonaviy planshet qurilmalari topshirildi. Bu qurilmalar ro‘yxatga olish jarayonida ma’lumotlarni tezkor, aniq va ishonchli shaklda to‘plash imkonini beradi.

– Zamonaviy qurilmalar yordamida yoshlar yetakchilari aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilishlari, ma’lumotlarni tez va aniq qayd etishlari mumkin. Bu esa ro‘yxat jarayonining sifatini yanada oshiradi, – deydi tuman hokimining o‘rinbosari Xurshid Chelibayev.

Respublikamizda amalga oshirilayotgan ushbu tadbir Gulistonliklar tomonidan ijobiy qabul qilinmoqda. Ahamiyatli tomoni, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlari Guliston tumanida belgilangan reja va zamonaviy yondashuvlar asosida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
– Ushbu jarayon aholining turmush darajasi, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holati va qishloq xo‘jaligi salohiyatini aniqlash hamda rivojlanish dasturlarini puxta rejalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu boisdan, Guliston tumanida ro‘yxatga olish tadbiriga yaxshi tayyorgarlik ko‘rilgan. Bu esa belgilangan sanagacha uni muvaffaqiyatli yakunlash imkonini beradi, – deydi Xurshid Chelibayev.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri