Yoshlar vazirlik faoliyati bilan tanishdi
Yoshlar ijod saroyida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan “Butunjahon yoshlar festivali” doirasida yoshlar uchun tadbir tashkil etildi.
Tadbirda qayd etilganidek, bugungi kunda vazirlik tizimida 1 ming 429 nafar yoshlar faoliyat olib boradi. Bu esa umumiy xodimlar sonining 40 foizini tashkil etadi.

O‘tayotgan yilda tizimda faoliyat olib borayotgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni sportga keng jalb qilish, taklif va tashabbuslarini inobatga olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, Ibrat maktablari elektron platformasi orqali 460 nafar tizimdagi yosh xodimlar xorijiy tillarni o‘rganib bormoqda.
Shu yil davomida 85 nafar yosh xodimlar Davlat boshqaruvi akademiyasi, Oliy biznes maktabi, Yoshlar ishlari agentligining zahira kadrlar maktabi kurslarida malaka oshirgan.

12 nafar yoshlar esa sohaga oid bilim ko‘nikmalari hamda tajriba orttirish maqsadida ilg‘or xorijiy davlatlarga xizmat safariga yuborildi.
Tizimda Xalqaro top 500 talik oliy ta’lim muassasalarini tugatgan 8 nafar yoshlar rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib bormoqda.

Shuningdek, muloqotda yoshlar uchun yaratilgan bugungi imkoniyatlar xususida so‘z bordi. Yoshlarga ularning o‘z maqsadlariga erishishlari uchun kerakli tavsiyalar berildi. Ko‘zlangan natijani qo‘lga kiritishda astoydil harakat, til o‘rganish, kitob o‘qish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv so‘nggida tizimdagi samarali mehnati, faolligi va tashabbuskorligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh yoshlar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA