Yoshlar uchun yangi maskanlar barpo etilmoqda
Yurtimizda Prezidentimiz tashabbuslari asosida yoshlar siyosati izchil amalga oshirilmoqda.
Ushbu tashabbuslarning amaliy ifodasi sifatida Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida yoshlarning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunar egallashi va madaniy-ma’naviy hayotda faol bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Bu o‘zgarishlar nafaqat yoshlar, balki aholi tomonidan ham xursandchilik bilan qarshi olinmoqda.

Xususan, tuman markazida umumiy qiymati 67 milliard so‘m bo‘lgan “Istirohat bog‘i” va “Yoshlar markazi” qurilishi qizg‘in sur’atlarda davom etmoqda. Loyiha Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari asosida mahalliy byudjet kafolati ostida amalga oshirilmoqda. Yangi maskanlar 2026 yilning birinchi choragida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

“Yoshlar markazi” 24 ta xonadan iborat bo‘lib, unda zamonaviy IT texnologiyalari xonasi, xorijiy tillar kabineti, kutubxona, kasb-hunar o‘rgatish xonalari, tadbirlar zali va o‘quv markazlari joylashadi. Umumiy qiymati 17 milliard so‘mga teng bino yoshlarning bilim olishi, kasb egallashi va madaniy-ma’naviy hayotda faol qatnashishi uchun muhim zamin yaratadi.

Shu bilan birga, tumanning “Tinchlik” mahallasida logistika markazi ishga tushirildi. Bu yerda yoshlar uchun 23 ta ish o‘rni yaratildi va hozirda 20 nafar yosh doimiy ish bilan ta’minlandi. Yaqin kunlarda ish o‘rinlarini yanada ko‘paytirish maqsadida mahalliy byudjetdan qo‘shimcha 100 million so‘m ajratilishi belgilangan.

Mazkur ishlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi tashabbusi bilan jurnalistlar, blogerlar va faol yoshlar uchun press-tur tashkil etildi. Ishtirokchilar qurilayotgan ob’ektlarda bo‘lib, Xovosda amalga oshirilayotgan islohotlar va yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar.
Mas’ullar ta’kidlaganidek, yangi maskanlar faqat dam olish va madaniy hordiq chiqarish joyi bo‘lib qolmasdan, balki yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini shakllantirishi, ularning mehnat bozorida munosib o‘rin topishiga ham xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri