Yoshlar uchun yangi loyiha
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi mamlakatimiz yoshlari uchun tadbirkorlikni rivojlantirish, kasb-hunarga o‘rgatishga qaratilgan “kouching” video materiallar va darsliklar, motivatsion roliklar tayyorlash maqsadida davlat ijtimoiy buyurtmasi uchun tanlov e'lon qildi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 23 oktyabrdagi “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan mazkur davlat ijtimoiy buyurtmasining asosiy maqsadi yoshlarning o‘z turmushini yaxshilash, kasb-hunar va biznes bilan shug‘ullanish orqali daromad topish hamda ularga bunday faoliyatni yo‘lga qo‘yishning amaliy jihatlarini o‘rgatishga qaratilgan.
Davlat ijtimoiy buyurtmasi mablag‘larini respublika bo‘yicha barcha nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari quyidagi 3 ta, jumladan, “Kouching” videoroliklar tayyorlash, Motivatsion roliklar tayyorlash hamda O‘quv-uslubiy qo‘llanma va darsliklar tayyorlash yo‘nalishi bo‘yicha qo‘lga kiritishi mumkin.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA