Yoshlar uchun motivatsion trening
Toshkent viloyati Chirchiq shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” festivali doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanov yoshlar bilan muloqot qildi.
Uchrashuvda davlat xizmati, agentlik oldida turgan dolzarb vazifalar va taqdim etayotgan imkoniyatlar, yoshlarni meritokratiya tamoyillari asosida davlat xizmatiga jalb etish, yangi avlod kadrlarini shakllantirishning ahamiyati haqida so‘z bordi.
— Bugun har bir yosh ertaga davlat xizmatidagi o‘rni qayerda bo‘lishini bilishi kerak. Nafaqat bilishi, shu maqsad yo‘lida tinimsiz harakatda bo‘lishi lozim, — dedi O.Xasanov. — Taraqqiyot o‘z-o‘zidan shakllanib bormaydi. Shijoatli, salohiyatli yoshlargina bu jarayonlarni amalga oshiradi.

Suhbat jarayonida Agentlikning vacancy.argos.uz platformasidan har bir yosh imkoniyatini sinovdan o‘tkazishi mumkinligi ta’kidlandi. Shuningdek, ular bugungi davlat fuqarolik xizmatchilari uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan ham tanishtirildi.
Uchrashuvda faol ishtirokchilarga “Liderlar” kitobi taqdim etildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA