Yoshlar uchun mahorat darsi
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 2-sonli kasb-hunar maktabida o‘quvchilar “Oshpaz, qandolatchi”, “Tikuvchi”, “Axborot vositalari mashinalari va kompyuter tarmoqlari operatori”, “Avtomobil dvigatellarini tashxislash va ta’mirlash”, “Sotuvchi, nazoratchi-kassir”, “Payvandlovchi (elektropayvandlash ishlari)”, “Yelektromontyor” hamda “Oqava suv va suv ta’minotidan foydalanish va montaj qilish ustasi” kabi kasblar bo‘yicha o‘qitiladi. O‘qish so‘ngida ularga diplom beriladi.
Bugungi kunda maktabda 500 dan ortiq o‘quvchi tahsil olib, ularga 40 ga yaqin o‘qituvchi-murabbiy ta’lim-tarbiya bermoqda.

Dars va mashg‘ulotlarning qiziqarli hamda samarali bo‘lishi muhim sanalib, har bir pedagogdan izlanish va dars jarayoniga puxta tayyorgarlik ko‘rishni talab etadi.
Maftuna Boqiyeva ham yosh izlanuvchan o‘qituvchilardan. U har bir dars mashg‘ulotiga raqamli texnologiyalardan foydalangan holda noananaviy yondashadi. Ishlab chiqarish ta’limi ustasi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi “Ayollar kiyimini loyihalash” mavzuidagi ochiq dars ham o‘quvchi-yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

Darsda vizual didaktik materiallardan samarali foydalanildi.
Jumladan, dars davomida kiyim modeli tanlanib, konstruksiyasi tayyorlandi. Andozalar olindi va tayyor andoza matoga ko‘chirildi. Talabalar kichik 4 ta guruhga bo‘lingan holda bichilgan kiyim detallarini to‘g‘ri chok mashinalaridan foydalanib tikdi.


Gulnoza Boboyeva, O‘zA