Yoshlar uchun mahorat darsi
Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida ipakdan qog‘oz tayyorlash texnologiyasiga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.
Manbalarga ko‘ra, ko‘hna Sharqda, xususan, O‘rta Osiyoda kitobatchilik sohasining shakllanishi va taraqqiy etishi Sharq dunyosida ilk bor ayni shu hududda qog‘oz ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilganligi bilan uzviy bog‘liqdir. Manbalardan ma’lumki, xitoyliklar qadimda serdaromad soha hisoblangan qog‘oz ishlab chiqarishni qanchalik sir tutmasinlar, Samarqandda ham Xitoy qog‘ozi singari sifatga ega mahsulot tayyorlana boshlandi. Chunki Samarqandda qog‘oz ishlab chiqarish uchun kerakli bo‘lgan xomashyoning barcha turlari – ipak, paxta, kanop, qamish, poxol, tut novdasi po‘sti ko‘p edi. Shu tariqa Samarqand qog‘ozining dovrug‘i qisqa vaqt ichida dunyoga taraldi.
Samarqand qog‘ozining yaratilishi xususida tarixiy manbalarda turlicha fikrlarni uchratish mumkin. Mutaxassislarning fikricha, hali Yevropada papirus va pergament asosiy yozuv ashyosi sifatida foydalanilayotgan bir vaqtda Sharq mamlakatlarida allaqachon qog‘oz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgandi.
Bu qog‘oz turining Yevropa bozoriga yetkazib berilishi u yerda ilgari yozish uchun asosiy ashyo sifatida ishlatilib kelingan papirus, charm, pergament kabilarning o‘rnini endi qog‘oz egallashiga va bu esa, nafaqat Yevropa, balki butun dunyo madaniy taraqqiyotining yuksalishiga sezilarli turtki bo‘ldi.
Samarqand qog‘ozini tayyorlash taxminan uch yuz yil davomida sir tutib kelindi. Keyinroq bu qog‘ozdan andoza olgan holda, dastlab, Iroq va Suriyada qog‘oz tayyorlana boshlandi.So‘ng Misr, Shimoliy Afrika va Marokash orqali Ispaniyaga ham Samarqand qog‘ozini tayyorlash texnologiyasi yetib kelib, Yevropaga yoyildi.
Olimlarning fikricha, O‘rta Osiyoni Chor Rossiyasi istilo qilgach, bu yerda qog‘oz ishlab chiqarish to‘xtatib qo‘yildi. O‘rta Osiyoda qog‘oz Samarqanddan tashqari, Buxoro, Qo‘qon shaharlarida va ularning tevarak-atrofida joylashgan qishloqlarda ham ishlab chiqarilgan. Venger olimi Herman Vamberi Buxoroda tayyorlangan qog‘oz haqida quyidagilarni yozadi: «Buxoroda tayyorlangan yozuv qog‘ozlarining shuhrati nafaqat Turkistonga, balki qo‘shni davlatlarga ham taralgandir".
Mahorat darsi davomida ipakdan qog‘oz tayyorlash texnologiyasiga oid bilimlar yoshlarga tanishtirildi.
N.Usmonova, O‘zA