Yoshlar turizm klubi tashkil etiladi
2020-yilning fevral oyida “Navroʻz” madaniyat va istirohat bogʻida “Turizm laboratoriyasi” faoliyati yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.
2020-yilning fevral oyida “Navroʻz” madaniyat va istirohat bogʻida “Turizm laboratoriyasi” faoliyati yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.
Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi vazifasini bajaruvchi Abdulaziz Aqqulov poytaxtimizdagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida Oʻzbekiston yoshlari bilan uchrashuvda maʼlum qildi.
“Turizm laboratoriyasi” Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus asosida yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, tariximizga qiziqishini oshirish, turizm sohasiga jalb etish maqsadida tashkil etiladi.

– “Turizm laboratoriyasi”da zamonaviy kutubxona, kovorking markazi, bepul Wi-Fi, xorijiy ekspertlar tomonidan yoshlar uchun vebinarlar, turli treninglar oʻtkazish hamda talabalar uchun turizm sohasidagi kitoblar, jurnallarga bepul obuna va onlayn kutubxonalardan foydalanish kabi imkoniyatlar yaratiladi, – dedi Abdulaziz Aqqulov. – Laboratoriyada yoshlar tomonidan zamonaviy targʻibot materiallari, kreativ suvenir hamda hunarmandchilik mahsulotlarining yangi namunalari ishlab chiqiladi.
Taʼkidlanishicha, turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha alohida klub tashkil etilib, yoshlar orasidan eng faol, eng tashabbuskorlari koordinator sifatida tanlab olinadi. Ularning faoliyati uchun zarur sharoitlar yaratilib, ish bilan taʼminlash sharti asosida toʻlov kontrakt summalarini toʻlab berish, loyihalarni moliyalashtirish, sayohatlar va xorijiy stajirovkalar tashkil etish kabi ragʻbatlantirish mexanizmlari joriy qilinadi.
Bundan tashqari, ochiq muloqotda yoshlarning turizmga doir yangi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, sohada kadrlar salohiyatini rivojlantirishga oid maʼlumotlar taqdim etildi.

Uchrashuvda qoʻmita raisi yoshlarga turizm sohasi yangi ish oʻrinlari, valyuta oqimi, bilim va koʻnikmalar hamda aholi daromadini oshirish, shuningdek, dunyoqarashni kengaytirishning eng samarali vositalaridan biri ekanini taʼkidlab, sohada faoliyat olib borishni oʻz oldiga maqsad qilgan yigit-qizlarga yoʻnalish berdi.
Shuningdek, yurtimiz yoshlariga Oʻzbekiston turizmi statistikasi, sohadagi islohotlar, oʻzgarishlar, xorijdagi vatandoshlarning Oʻzbekistonga sayohat qilishga doir targʻiboti boʻyicha batafsil maʼlumot berildi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston yoshlarni ichki turizmga jalb qilishda ulkan salohiyatga ega. Bugunga kelib mamlakatimizda jami 10 ming 915 koʻngilochar maskan va turistik obyekt faoliyat koʻrsatmoqda. Yurtimizda ichki turizmni rivojlantirish, sayyohlarni jalb etishda turli ommaviy-madaniy koʻngilochar tadbirlar ahamiyatini hisobga olib, oʻtgan yildan boshlab har bir hududning oʻziga xosligidan kelib chiqqan holda turli ommaviy tadbirlar tashkil etilmoqda. Xususan 2020-yilda respublika miqyosida 122 ta tadbir oʻtkazilishi va ularda asosan yoshlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Ochiq muloqot doirasida Abdulaziz Aqqulov yigʻilganlar eʼtiborini Yoshlar turizmini rivojlantirish konsepsiyasiga qaratdi.
– Oʻzbekistonda Yoshlar turizmini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqdik va tegishli loyihalarni amalga oshirish natijasida 2020-2025-yillarda mamlakatda yoshlar turizmini rivojlantirishga oid maqsadli koʻrsatkichlarni belgilab olganmiz, – dedi A.Aqqulov. – Xorijiy yosh sayyohlar sonini 1,3 milliondan 2020-yilda 2,2 millionga, 2023-yilga 3,3 millionga, ichki turizm boʻyicha yosh sayyohlar tashrifi sonini 8,1 milliondan 2020-yilda 10 millionga, 2023-yilda esa 13,6 millionga yetkazish rejalashtirilgan. 2020-yilda 20 ta, 2023-yilda 60 ta xalqaro darajadagi tadbir oʻtkazishni maqsad qilganmiz. Ushbu koʻrsatkichlarga erishish uchun Siz – yoshlarning hamkorligingiz va tashabbuslaringiz juda muhim.
Shundan soʻng yoshlar Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisiga turli savollar bilan murojaat qilib, sohani rivojlantirishga doir fikr-mulohazalari hamda takliflari bilan oʻrtoqlashdi.
