Yoshlar tarbiyasiga hammamiz mas’ulmiz
Hayot davom etarkan tarbiya doimo muhim va dolzarb ahamiyat kasb etaveradi. Donishmandlardan birining “Har bir millatning saodati, davlatlarning tinchligi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘liqdir”, – degan fikrini ham vaqt sinovidan o‘tgan aksioma, desak bo‘ladi.
Hayotiy haqiqat shuni ko‘rsatadiki, har bir bolani ilmli, hunarli qilib voyaga yetkazish uchun avvalo uni tarbiyalash, odobli va axloqli qilib o‘stirish lozim. Chunki tarbiyali bola bilim olish, hunar o‘rganishga qiziqadi va intiladi, jinoyatchilik va huquqbuzarlikdan yiroq bo‘ladi. Jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarning aksariyatida tarbiya bilan bog‘liq bo‘shliq yoki kemtiklikni ko‘rish mumkin. Demak, komil insonni yetishtirish uchun avvalo, uni tarbiyalash lozim.
Ayrim o‘qituvchilar “Maktab bolaga bilim beradi, tarbiya berish ota-onaning vazifasi”, – degan tushunchaga ega. Men bunday ustozlar fikriga qo‘shilmayman. To‘g‘ri, bola tarbiyasi uchun avvalo, ota-ona mas’ul. Afsuski jamiyatimizda o‘zi tarbiyaga muhtoj ota-onalar, muhiti nosog‘lom bo‘lgan oilalar ham uchrab turadi. Ana shunday holatda shu muhitda voyaga yetayotgan bolalarga mahalla, maktab va keng jamoatchilik o‘z ta’sirini o‘tkazib, uning tarbiyasi bilan shug‘ullanishi kerak. Tarbiyasiz bolaga ilm va hunar o‘rgatish, uni huquqbuzarliklardan qaytarish ham qiyin.
Farg‘ona viloyati hokimining topshirig‘iga asosan viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining maslahatchilari tomonidan umumta’lim maktablari pedagog xodimlari ishtirokida o‘tkazilayotgan uchrashuvlar, davra suhbatlari, seminar-treninglarda mazkur masalalar muhokama qilinib, vazifa va yo‘nalishlar belgilab olinmoqda.
Beshariq tumani 2-o‘rta ta’lim maktabida maktab direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirokida seminar tashkil etilib, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish masalalari asosiy mavzu bo‘ldi. Ochiq muloqot tarzida o‘tgan seminarda maktab, ota-ona, mahalla hamkorligini yanada mustahkamlash, o‘quvchilarga bilim berish bilan birga, ularning tarbiyasiga ham alohida e’tibor qaratish, bilim olish, kitob o‘qishga qiziqishlarini orttirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, to‘garaklar faoliyatini yanada jonlantirish, huquqbuzarliklarning oldini olish, pirovardida ularni komil insonlar qilib voyaga yetkazish borasida qator masalalar muhokama qilindi.
Millat va davlatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarga bilim va tarbiya berish uchun hammamiz birdek mas’ulmiz.
Sohibjamol Tongotarova,
Farg‘ona viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish,
davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi