Yoshlar tarbiyasida barchamiz birdek mas’ulmiz
Ravshan (ismi o‘zgartirilgan) qo‘shnisining uyiga devor oshib kirib, qotillik sodir etganida 16 yoshda edi. Xonalarni titkilayotgan paytda xonadon sohibasi kelib qoladi. Bundan vahimaga tushgan yigit ayolning ko‘ksiga pichoq sanchidi. Uydan bor yo‘g‘i 60 ming so‘m topib qochib ketgan Ravshan bugun sud zalida boshi egik xolda so‘roq qilinmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, maqsadi odam o‘ldirish emas, balki pul o‘g‘irlash bo‘lgan. U arzimagan pulni deb bir oilani parokanda, o‘z kelajagini esa barbod qilganini juda kech anglab yetdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda Ravshan kabi jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan yoshlar soni o‘tgan yilgiga qaraganda oshgan. Xususan, yetti oyda respublika bo‘yicha yoshlar tomonidan 5 ming 914 ta jinoyat sodir etilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 30 foizga oshgan. Olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra, yoshlarning jinoyat qilishiga asosiy sabab ishsizligi va ota-onalarning befarqligiga borib taqalmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatlar sodir etilishining oldini olish hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi masala yuzasidan yuborilgan parlament so‘roviga O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.Bobojonovning javobi atroflicha ko‘rib chiqilgandi.
Parlament so‘roviga javobda qayd etilganidek, jamoat tartibini buzgan, tarbiyasi og‘ir, darslarga sababsiz qatnashmaydigan, hukuqbuzarliklar sodir etishga moyil bo‘lgan yoki sodir etgan, o‘zboshimchalik bilan oiladan yoki ixtisoslashtirilgan o‘kuv-tarbiya muassasalaridan ketib qolgan, adashgan yoki qarovsiz qoldirilgan 38 ming 671 nafar voyaga yetmagan shaxs ichki ishlar organlari tayanch punktlariga keltirilib, ular bilan yakka tartibdagi profilaktik ishlar amalga oshirilgan. Xususan, ota-onasi qarovisiz, nazoratisiz qolgan, ijtimoiy-huquqiy yordamga muhtoj 2 ming 662 nafar voyaga yetmagan “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaz”iga joylashtirilgan.
Umuman olganda, ota-onalar bola tarbiyasida nimada xato qilmoqda? Biz bu borada o‘qituvchilar fikrini o‘rgandik. Ularning so‘zlariga ko‘ra, ota-onalarning farzand tarbiyasidagi e’tibori yoshlar jinoyatining oldini olishda eng muhim ahamiyatga ega. Bu bilan bolaning qo‘liga pul berish, qimmat kiyim kiydirish yoki uni eng qimmat maktabga joylash nazarda tutilmayapti.
– Bola tarbiyasi nozik va juda muhim masala, – deydi Shayxontohur tumanidagi 132-umumta’lim maktabining rus tili fani o‘qituvchisi Nodira Raximova. – Ayniqsa, o‘spirinlik davrida. Bunday yoshda maktab ma’muriyati, ota-onalar va mahalla birgalikda ularga ko‘z-quloq bo‘lishimiz kerak. Chunki kelajakda ularning kim bo‘lib yetishishi shu davrdan boshlanadi. Hozirgi paytda ayrim ota-onalar farzandi nima qilayapti, qayerda yuribdi va kimlar bilan do‘stlashayapti, bu bilan qiziqmaydi. Bolasi bir falokatga uchragandan so‘ng ularning bu boradagi bohonasi odatda bir xil – “Ishda edim, bilmay qolibman”, bo‘ladi. Ko‘pchilik ota-onalar maktabdagi bir chorakda bir marta bo‘ladigan ota-onalar majlisida qatnashishga vaqt ajratmaydi. Farzandlarining maktabdagi hayoti qanday kechayotgani bilan qiziqmaydi. Nahotki ota-ona o‘z farzandi uchun bir kunda 20 daqiqa vaqt ajratolmasa. Shuning oqibatida farzandlarining o‘qishi, tartib-intizomi, muomala-madaniyati qay ahvolda ekanidan xabarsiz qoladi. Vaholanki, ayrim yigit-qizlar oilada tartibli ko‘rinishsa-da, tashqarida o‘zlarini yahshi tutmaydi. Kun kelib yoshlarimizning bir ishning boshini ushlay bilmasligi ham ota-onalarning loqaydligiga borib taqaladi. Biz o‘qituvchilar har bir bolaga to‘g‘ri ta’lim berib, mustaqil hayotga tayyorlashimiz, muhim bir kasb egasi bo‘lishiga poydevor yaratishimiz uchun ota-onalarining ko‘magi kerak.
Darhaqiqat, yosh avlod tarbiyasida oiladagi muhitni to‘g‘ri tashkil qilish, ota-onalar mas’uliyatini oshirish muhim sanaladi. Joriy yilning o‘tgan davrida farzandlarini tarbiyalash borasidagi majburiyatini bajarmayotgan 5 ming 92 nafar ota-onaga nisbatan tegishli ta’sir choralari ko‘rilgan. Sohada olib borilgan tizimli ishlar natijasida tuzalish yo‘liga kirgan, sog‘lom turmush tarziga qaytgan 2 ming 887 nafar voyaga yetmagan hamda 3 ming 949 nafar ota-ona ichki ishlar organlari profilaktik hisobidan chiqarilgan.
– Yoshlar tarbiyasida barchamiz birdek mas’ulmiz, – dedi Shayxontoxur tumanidagi Beltepa mahallasi profilaktika inspektori Sarvar Abdullayev. – Asosiy tarbiya esa oiladan boshlanadi. Ish jarayonimdagi kuzatuvlarimga ko‘ra, ota-onalar farzandlarini kechasi ko‘chada maqsadsiz yurishiga sharoit yaratib bermoqda. Jinoyatlar ham asosan kunduzi uyida uxlab, kechasi ko‘chada sang‘ib, bir ishni boshini tutmaslikdan kelib chiqmoqda. Joyi kelsa ota-bola o‘rtasida hurmat yo‘q. Bunday oilalarni kuzatganimizda ularda diniy va milliy qadriyatlarimizga xos tarbiya yetishmasligini ko‘rishimiz mumkin. Mamlakatimizda yoshlarning bilim olishi va sport bilan shug‘ullanishiga yetarlicha sharoit yaratilgan. Farzandlarini bularga jalb etish esa ota-onalarning vazifasi. Yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotgan bo‘lishiga qaramay, ayrim yigit-qizlar narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etishi va giyohvandlik yo‘liga kirib ketish holatlari uchrayotgani achinarlidir. Yoshlar jinoyatchiligining oldini olishda ichki ishlar organlari, tegishli tashkilot va idoralar, ta’lim muassasalari, hududlardagi sektor rahbarlari hamda ota-onalar o‘rtasidagi hamkorligini yanada kuchaytirish lozim.
Hayotiy haqiqat shuki, ma’naviyati sog‘lom inson farzandini jinoyatchi bo‘lsin, birovning burnini qonatsin, deb voyaga yetkazmaydi. Shunday ekan, farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga bo‘lgan e’tibor o‘z kelajagimizga bo‘lgan e’tibor ekanligini unutmaslik lozim.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA