Yoshlar parlamenti deputatlarga ko‘makchi bo‘lmoqda
Yurtimiz yoshlarining siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirish, ularning siyosiy va qonunchilik jarayonlaridagi faol ishtirokini ta’minlashda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti qizg‘in ish olib bormoqda.
Yoshlar parlamenti tomonidan 2023 yil davomida qonun ijodkorligi jarayonida salmoqli ishlar amalga oshirilib, Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihalari yuzasidan ko‘plab takliflar kiritildi. Jumladan, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunni takomillashtirish bo‘yicha asoslantirilgan 274 ta taklif Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasiga taqdim etildi.
Shuningdek, 2023 yilda yoshlarning siyosiy bilimlarini oshirish, ularda vatanparvarlik ruhini kuchaytirishda yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarning siyosiy bilimlarini oshirishga qaratilgan “Kelajak – yoshlar qo‘lida”, “Yangi O‘zbekiston yoshlari”, “Yoshlar minbari” muloqot platformalari tashkil etildi.

Shu bilan birga Yoshlar parlamenti tomonidan davlat organlari bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Uning 150 nafar a’zosi 21 ta vazirlik va idoraga biriktirildi hamda 13 ta vazirlik va idorada amaliy uchrashuvlar tashkil etildi.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida aytib o‘tildi. Unda Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining o‘tgan yilgi faoliyati sarhisob qilindi.
Yig‘ilishda Yoshlar parlamenti raisi Sh.Joldasova axborot berar ekan, ushbu institut a’zolari Qonunchilik palatasining deputatlariga ko‘makchi bo‘lib kelayotganini ta’kidladi.
Yig‘ilishda deputatlar Yoshlar parlamentining faoliyatini e’tirof etib, bir qator savol va takliflar berishdi.
Yakunda axborot ma’lumot uchun qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA