“Yoshlar – O‘zbekistonning ishonchi, tayanchi va qudratli kuchi”
Buxoroda mazkur shior ostida huquqbuzarliklar profilaktikasining Respublika III forumi o‘tkazildi.
Forum erta tongdan “Sportni sev – sport bilan yasha” shiori ostidagi yugurish marafoni bilan boshlandi. Ming nafardan ortiq ko‘ngilli yoshlar Buxoro shahridagi “Sitora” bog‘idan “Ark” qo‘rg‘onigacha bo‘lgan masofani bosib o‘tdi.
“Ark” qo‘rg‘onida yugurish marafoni g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bilan birga huquqni muhofaza qiluvchi idoralar maxsus xizmatlarining ko‘rgazmali chiqishlari va jangovar texnika hamda qurollari namoyishi o‘tkazildi.
Forum qatnashchilari shu kuni Buxoro neft va gaz sanoati kollejida o‘tkazilgan ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari hududiy mehnat yarmarkasida ham qatnashdi. Labi Hovuz ansamblida esa tadbirning tantanali ochilish marosimi hamda forum doirasidagi yoshlar bilan uchrashuv tashkil qilindi. Bu yerda yosh rassom, musiqachilar, “Tadbirkor yoshlar” uyushmalari, Innovatsion yoshlar jamoat birlashmasining ko‘rgazmalari ham tashkil etildi.
Forumda ishtirok etgan viloyat hokimi Botir Zaripovning ta’kidlashicha, joriy yil boshidan viloyatdagi 544 ta mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan 345 mingdan ortiq yoshlarning masalalari o‘rganib chiqilgan. Ular tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalardan kelib chiqib 13 ta shahar va tumanlar bo‘yicha alohida Yoshlar dasturi tasdiqlangan. Bu dasturlar ijrosi uchun jami 411,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi hamda 805 ming 62 nafar yoshlar qamrab olinishi belgilangan. Ayni paytga qadar “Yoshlar dasturlari”ning ijrosi doirasida jami 111,2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.
[gallery-2681]
Buning natijasida joriy yilning o‘tgan 5 oy davomida 27 ming 707 nafar ishsiz yoshning bandligi ta’minlangan. Jumladan, 9 ming 270 nafari ishga joylashtirilgan. 1 ming 405 nafariga subsidiya, 10 ming 91 nafariga 210,2 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit, 6 ming 941 nafariga 1 ming 774 gektar yer maydoni ajratilgan.
Yigit-qizlarning 5 ming 88 nafari kasb-hunar hamda tadbirkorlikka o‘qitilib, sertifikatga ega bo‘lgan. Shu qatorda 8 ming 274 nafari “1+1” dasturi doirasida tadbirkor va hunarmandlarga biriktirildi va bandligi ta’minlangan. Joriy yilning o‘tgan davrida sektor rahbarlari tomonidan o‘tkazilgan 300 ga yaqin uchrashuvda yoshlar tomonidan bildirilgan 1 ming 200 dan ortiq taklif va masalalarning aksariyatini hal etishga erishilgan.
Viloyat rahbari o‘z nutqida iqtidorli, biroq ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti og‘ir bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hokimlar tomonidan jami 150 nafar yoshni otaliqqa olib, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishlari va oliygohlarda o‘qishlariga yordamlashish hamda ishga joylashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilganligini ham alohida ta’kidladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyev ham so‘zga chiqib, mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olishning dolzarb masalalari va kelgusidagi vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Tadbir doirasida mutasaddi idoralar mas’ullari yoshlar bilan erkin muloqot qildi. 200 nafardan ortiq yoshlar o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolar bilan mutasaddilarga murojaat qildi. Viloyat hokimi va ichki ishlar vazirligi mas’ullari tomonidan yoshlarni qiynab kelayotgan masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Ijrosi nazoratga olindi. Murojaatlar yechimi bo‘yicha manzilli tadbirlar belgilandi.
Asosiy e’tibor yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni kasbga o‘qitish va tadbirkorlikka jalb etish orqali yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish samaradorligini oshirishga qaratildi.
Uchrashuvda yoshlar bandligini ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatgan, yigit-qizlarni ish bilan ta’minlagan tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlari tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir viloyat san’at ustalari hamda Ichki ishlar vazirligi Ashula va raqs ansambli ishtirokida konsert dasturi bilan davom etdi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA