Yoshlar o‘rtasida Jahon chempionati sovrindori taqdirlandi
Joriy yilning 13-17 oktyabr kunlari Armaniston poytaxti Yerevan shahrida sambo bo‘yicha yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, qoraqalpog‘istonlik Mohigul Komiljanova 72 kilogramm vazn toifasida kumush medalni qo‘lga kiritgan edi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev sportchi va uning murabbiyini qo‘lga kiritgan g‘alabasi bilan muborakbod etdi. Mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor natijasida yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon etishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilayotgani qayd etildi. Buning samarasida yoshlarimiz sport olamining eng nufuzli musobaqalari, jahon va qit’a chempionatlari, xalqaro turnirlarda katta g‘alabalarga erishmoqda.
Sportchiga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Ma’lumot uchun, Mohigul Komiljanova sambo kurashi bo‘yicha 5 karra O‘zbekiston chempioni, 3 marotaba jahon chempionati sovrindori hamda Osiyo chempioni hisoblanadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA