Yoshlar muammolariga yechim izlandi
Uchquduq tumanidagi “Uchquduq” madaniyat uyida tuman rahbarlari bilan yoshlarning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tuman hokimi Soli Hamroyev olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangilanishlar va 2024 yilda rejalashtirilgan ishlar xususida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, hozir “Yoshlar daftari” elektron platformasi orqali kelib tushgan murojaatlarning 716 tasiga amaliy yordam ko‘rsatilgan. Jumladan, yoshlarning muammolarini bartaraf etish, turli to‘lovlari uchun 407 nafar yoshga 1 milliard 148 million so‘m mablag‘ sarflangan.


– Joriy yil 11 aprelda Yurtboshimiz tomonidan o‘tkazilgan yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida 232 nafar ishsiz yosh uchun bandlik dasturi shakllantirildi, – dedi tuman hokimi. – Dastur asosida 225 nafar yoshning bandligi ta’minlandi, 7 nafarini ish bilan ta’minlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. 2022 yilgi “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalarida respublikada g‘olib va sovrindor bo‘lgan Mustaqillik, Aytim va Abay mahallalari yoshlari uchun vorkaut maydonchalari qurib berildi. Olimpiadaning joriy yil avgust oyida e’lon qilingan 2-bosqichida esa 6515 nafar yoki 74,5 foiz yosh qamrab olindi. Aytim mahallasi yoshlari “Zakovat” intellektual o‘yinida tuman va viloyatda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, mamlakat bosqichida faol ishtirok etdi.


Tuman hokimining ta’kidlashicha, 2024 yilda ham yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida 9 ta yo‘nalishda ishlar olib boriladi. Jumladan, davlat ko‘magiga muhtoj og‘ir toifadagi yoshlar bilan ishlash orqali ularning hayoti yaxshilanishiga ko‘maklashiladi. Ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash uchun ular zamonaviy kasblar va tadbirkorlikka o‘qitilib, subsidiya, yer maydoni va kreditlar ajratiladi. Shuningdek, xorijdagi yoshlar faoliyati o‘rganilib, ularni vatanga qaytarish va bandligini ta’minlash choralari ko‘riladi. Norasmiy band yoshlarga o‘zini-o‘zi band qilish orqali bandligini ta’minlashga ko‘maklashilib, rasmiy sektorga o‘tkazish, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga ko‘maklashish, huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar va voyaga yetmaganlar bilan tizimli ishlash maqsadida “Harakatlar rejasi” ishlab chiqiladi. Shu bilan birga mahallalarda yoshlarni “Besh tashabbus olimpiadasi”ga jalb etish orqali ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidorli yoshlarni izlab topish, iste’dodini ro‘yobga chiqarish va ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi.


Tuman hokimi rahbarligida ochiq va o‘zaro fikr-mulohazalarga boy tarzda o‘tgan uchrashuvda yoshlar ishga joylashish, axborot kommunikatsion texnologiyalar, yoshlarga berilayotgan sharoit va imtiyozlar xususida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddi rahbarlardan javoblar oldi.
– Uchrashuvda “NKMK jamg‘armasi”ga ishga joylashish uchun berilgan kvota orqali ishga joylasha olmayotganligim to‘g‘risida ma’lum qildim, – deydi “Yulchilar” ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Gulasal Haydarova. – Murojaatimga tuman rahbari tomonidan kvota ajratilgan holatda ish bilan ta’minlanish majburiyligi to‘g‘risida ma’lumot berilib, shaxsan o‘zi nazoratga olishini bildirdi.
Uchrashuvda bir guruh yoshlar munosib taqdirlanib, “Uchquduq” va “Qizilqum” madaniyat uylari xonanda va sozandalari tomonidan kuy-qo‘shiqlar va raqslar ijro etildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri