Yoshlar masalasi doimiy e’tiborda
Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi tomonidan 2025 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda yil boshidan buyon amalga oshirilgan ishlar, ko‘rsatkichlar, loyihalar va, eng muhimi, ular ortida turgan yoshlar hayoti haqida so‘z yuritildi.
– Bugungi kunda Sirdaryo viloyatida 408 mingdan ortiq yoshlar istiqomat qiladi. Ulardan har birini yaxshi bilish, qo‘llab-quvvatlash — asosiy vazifamiz, – dedi viloyat Kengashi raisi Aziz Rahmonov. – Yoshlarning huquqlari, qiziqishlari, muammolari va orzulari — bular shunchaki gaplar emas. Ular bilan ishlash tizimli yondashuv, teran anglash va amaliy yordamni talab qiladi.

Yil boshidan buyon viloyatda 600 dan ortiq turli yo‘nalishdagi tadbirlar o‘tkazilib, qariyb 89 ming nafar yosh qamrab olindi. Ular orasida madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar, sport musobaqalari, kitobxonlik tadbirlari, davra suhbatlari va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan loyihalar mavjud.
E’tiborlisi, har bir tadbir ortida jonli hayot, voqea va o‘zgarishlar turibdi. Masalan, “Zakovat”, “Munozara”, “Talabalar oqshomi” kabi loyihalarga minglab yoshlar jalb etilgan. “Bugungi kun yoshlari — ertangi kun Vatan himoyachilaridir” shiori ostida o‘tkazilgan vatanparvarlik tadbirlari esa 25 mingdan ortiq yoshni qamrab oldi.

Ba’zan esa yoshlar bilan ishlash — hayotga qaytarishni anglatadi. Jinoyat sodir etgan 4 nafar yosh O‘zbekiston yoshlar ittifoqi kafilligi asosida sud zalidan ozod etildi. Ular ish bilan ta’minlanib, ijtimoiy nazoratga olindi.

Shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tab, kontrakt asosida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan 32 nafar yoshning shartnoma to‘lovlarining bir qismi — jami 89,6 million so‘m — ittifoq tomonidan qoplab berildi. Bu — shunchaki yordam emas, balki ishonch ifodasidir.

Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Yoshlar bilan ishlashdagi muvaffaqiyat va mavjud muammolar atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan kichik tadbir ham tashkil etildi. Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi va OAV vakillari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida so‘z yuritilib, bayram munosabati bilan ishtirokchilarga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri