Yoshlar kelajak bunyodkorlari
Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Payshanba – yoshlar kuni” tadbirlari doirasida Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Andijon filialida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Andijon viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i, 1-darajali adliya maslahatchisi Otabek Bozorov, bojxona boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Bahodir Qutlimurotov, viloyat harbiy prokurori, adliya polkovnigi Ilhomjon Mamatqulov ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizda yoshlarning o‘z iqtidor, iste’dod va salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishlari, puxta bilim olishi, kasb-hunar egallashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilganligi, yoshlarning ana shu imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanishlari muhim ekanligi ta’kidlandi.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida yoshlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, puxta bilim olishi, jismonan va ruhan sog‘lom bo‘lishlari uchun muntazam ishlashlari lozimligi qayd etildi.

– Yoshlar yurtimiz kelajagining bunyodkorlari, – deydi Andijon viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Otabek Bozorov. – Ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, qiynayotgan muammolarni bartaraf etish orqali yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini, jamiyatdagi jarayonlarga daxldorlik hissini oshirishga ko‘maklashish, ayniqsa, hayot tez va shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi kunda barcha darajadagi rahbarlarning asosiy vazifalaridan biriga aylanishi lozim.

Shuningdek, uchrashuv doirasida mas’ullar tomonidan mazkur maktabda yoshlarga yaratilgan shart-sharoitlar, turli yo‘nalishlardagi to‘garaklar faoliyati o‘rganildi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.