Yoshlar “Harbiyning bir kuni” bilan tanishdi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida yoshlarni harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish va ularni harbiylar hayoti bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Harbiyning bir kuni” mavzuidagi tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda poytaxtimizning A.P.Xlebushkina nomidagi 22-sonli “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari, murabbiylar, fahriylar, professor-o‘qituvchilar, harbiy xizmatchi, kursantlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida yoshlar akademiya kursantlarining kundalik harbiy xizmatining o‘tash tartibini o‘rganishdi. Akademiyaning kun tartibiga muvofiq, kursantlarning ertalabki “uyg‘on” komandasidan xizmatga kirishgan bir guruh yosh havaskor harbiylar, avvalo yotoqxona o‘rin joylarini tartibga keltirish hamda ertalabki badantarbiyadan boshlashdi. So‘ngra yuvinish, nonushta, saf tayyorgarligi jarayonlarini o‘tashdi.
Shuningdek, yoshlar maxsus o‘quv harbiy qurol-aslahalar va kuch vositalar, yong‘in va qutqaruv xizmatida foydalaniladigan texnikalar, maxsus asbob-anjomlarning ko‘rgazmali namoyishlari, kursantlar ishtirokidagi o‘quv minorasining 4 qavatidan o‘z-o‘zini qutqarish hamda ishg‘ol qilish narvoni yordamida 4 qavatga ko‘tarilish mashqining namoyishini tomosha qildi.

Kursantlar tomonidan yong‘in o‘chirish amaliy sporti bo‘yicha jangovar yoyilish, maxsus yong‘in-qutqaruv avtomobillari orqali ko‘rgazmali namoyishi hamda kursantlar sport turining qo‘l jangi bo‘yicha chiqishlari yoshlarning harbiy sohaga va qutqaruvchilik kasbiga bo‘lgan qiziqishlarini orttirdi.

– bugungi kunda yoshlarimizda yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish, Ona-yurt taqdiri uchun mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlash, ularni o‘z kasbiga sadoqatli va har tomonlama yetuk kadrlar etib tarbiyalash har birimizning burchimizdir, – dedi podpolkovnik To‘lqin Rajabov. – Yosh avlod vakillari bilan harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi tadbirlarni tizimli olib borish maqsadida, tashkil etilayotgan tadbirlar zamirida yoshlarning harbiy sohaga bo‘lgan ishtiyoqlarini yanada oshirish mujassamdir.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA