Yoshlar fikri eshitildi
Samarqandda “Voice up” (fikringni ber) inklyuziv yoshlar oromgohining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Yoshlarning, jumladan, imkoniyati cheklanganlarni jamiyatga integratsiya qilish, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan mazkur loyihada 50 nafar o‘g‘il-qizlar qatnashdi.
– “VoiceUp – 2026” inklyuziv oromgohi nafaqat dam olish, balki ta’limiy va tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan kompleks dastur hisoblanadi, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi sho‘’ba mudiri Nizomiddin Odilov. – Bu yoshlarning intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirdi. Loyiha doirasida yaratilgan imkoniyatlar ishtirokchilarning kelgusida jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
[gallery-28652]
Ikki kunlik oromgohda ishtirokchilar uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va davra suhbatlari, psixologik va motivatsion treninglar, liderlik va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish mashg‘ulotlari, interaktiv seminarlar va master-klasslar, ijtimoiy loyihalarni ishlab chiqish va taqdim etish kabi dasturlar uyushtirildi. Shuningdek, yoshlar Samarqand shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati bilan tanishdi, markaz qoshidagi kasb-hunar to‘garaklaridagi jarayonlarni kuzatdi.
Tadbir doirasida viloyatdagi maktab-internatlar o‘quvchilari tomonidan qo‘l mehnati asosida tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Namoyish etilgan sopol buyumlar, kashta, turli xil o‘yinchoqlar va suratlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Maktab-internatimizda o‘quvchilarni qo‘l mehnati asosida turli buyumlar yasashga o‘rgatamiz, – deydi Samarqand shahridagi 62-maxsus maktab-internati texnologiya fani o‘qituvchisi Lobar Yusupova. – O‘quvchilarni kelajakda biror kasb egasi bo‘lishiga yordam beramiz. Shu bilan birga o‘quvchilarimiz darslardan bo‘sh vaqtlarida buyurtma asosida choyshab va dasturxonlar tayyorlayapti.
Tadbir yakunida faol va tashabbuskor, ijtimoiy loyihalarga ega yoshlar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi va tadbirning mamlakat bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari