Yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning siyosiy bilimlarini oshirish maqsadida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Unda partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi rahbar va mas’ul xodimlari, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali professor-o‘qituvchilari va talaba yoshlari, partiyaning "Yoshlar qanoti" a’zolari, faollar, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Nukus shahar bo‘limi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirning asosiy maqsadi rahbar va yoshlarning muloqotini tashkil etish, yoshlarni qonun ijodkorligi jarayoniga keng jalb qilish, ularning tashabbuslari va takliflarini olish, yoshlarning siyosiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, partiya safiga jalb qilish va partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini tushuntirishdan iborat edi.
[gallery-25957]
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali direktori vazifasini bajaruvchi, partiya faoli Quanishbay Yusupov va boshqa so‘zga chiqqanlar bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ulardan o‘z vaqtida to‘g‘ri foydalanish, shuningdek, partiyaning dasturiy maqsad va vazifalari haqida tushunchalar berishdi. Shuningdek, yoshlarni zamonaviy bilim va kasb-hunarga ega bo‘lib, madaniyatimiz va ma’naviyatimizni yuksaltirishga, xorijiy tillarni o‘rganib, intiluvchan va fidoyi bo‘lishga chaqirishdi. O‘z navbatida, yoshlar ham bildirilayotgan ishonch va ko‘rsatilayotgan e’tiborga munosib javob tariqasida yurtimiz ravnaqi yo‘lida bilim olib, mehnat qilishga tayyorligini ta’kidlashdi.
Tadbirda bugungi kunda qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun berilgan qo‘shimcha kvota orqali, shuningdek, xotin-qizlar uchun berilgan imtiyozlar tufayli talaba bo‘lgan yoshlar o‘z fikrlarini bildirishdi Yoshlarga shunday imkoniyatlar yaratib berayotgani uchun Prezidentimizga cheksiz minnatdorchilik izhor qilishdi.
Uchrashuvda partiya safiga yangi qabul qilingan bir qator yoshlarga a’zolik guvohnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shundan so‘ng, uchrashuvda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialidagi partiya a’zolarining taklifiga muvofiq, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining "Madaniyat kutubxonasi" boshlang‘ich partiya tashkiloti yangidan tashkil etildi va uning raisi saylandi.
Tadbir yakunida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari