Yoshlar bilan muloqot – islohotlar samaradorligining muhim omili
Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda yoshlar masalasi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Ayniqsa, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ana shunday amaliy sa’y-harakatlarning yana bir ifodasi sifatida Navoiy shahridagi harbiy qismda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.

Harbiy qism askarlari ishtirok etgan uchrashuv O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati Kengashi hamda “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi hamkorligida o‘tkazildi.
Tadbir davomida yoshlar tashkiloti rahbarlari tomonidan Prezidentimizning 2026-yil 24-fevral kuni yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ilgari surilgan 32 ta muhim imkoniyat haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur imkoniyatlar yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi hamda o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun keng sharoitlar yaratishga qaratilgan. Bu esa o‘z navbatida, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan yoshlarga oid siyosatning amaliy ifodasidir.
Uchrashuv davomida yoshlarga mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan tavsiyalar berilib, ularni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.
Albatta, bunday ochiq muloqotlar yoshlar va rahbarlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, muammolarni joyida hal etish hamda yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
A. Bo‘riyev, O‘zA