Yoshlar bandligini ta’minlashda banklarning o‘rni
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan “O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda bank tizimining ustuvor vazifalari” mavzusida yig‘ilish o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan “O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda bank tizimining ustuvor vazifalari” mavzusida yig‘ilish o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining tijorat banklarining investitsiya portfellarini monitoring qilish departamenti direktori A.Qosimov, “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki boshqaruvi raisi J.Obidjonov, O‘zbekiston Banklari uyushmasi raisi S.Abdullayev, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi B.G‘aniyev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida bank tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida yoshlarning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun imtiyozli kreditlar ajratishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2010-yil 28-iyuldagi “Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni kollej bitiruvchilarining bank kreditlari evaziga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, yangi ish o‘rinlari yaratishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Farmonda belgilangan chora-tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va mahalliy hokimiyatlar hamkorligida yosh tadbirkorlar va yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish borasidagi qator loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
– Joriy yilning o‘tgan davrida tijorat banklari tomonidan 16 ming 900 dan ortiq yosh oilaning murojaati ijobiy hal etildi, – deydi Markaziy bank departamenti direktori o‘rinbosari Kamron O‘tbosarov. – 8 ming 882 talabaga 26,5 milliard so‘m ta’lim krediti ajratildi. Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun 124,2 milliard so‘m, ya’ni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,4 baravar ko‘p miqdorda kreditlar berildi. Bunda tijorat banklarida kollej bitiruvchisining mikrokredit olish uchun ta’minoti yetarli bo‘lmasa, yaqin qarindoshlarining (ota-ona, aka-uka, opa-singil) ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etish orqali kafillik berish amaliyoti joriy etilgani o‘z samarasini bermoqda.
Yoshlarni zamonaviy turar joy bilan ta’minlash maqsadida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda har bir viloyatning uchta tumanida 48 xonadonli “Kamolot” uylari qurilmoqda. Buning uchun tijorat banklarida 103,4 milliard so‘mlik kredit liniyalari ochilgan.
Tijorat banklari yangi ish o‘rinlari yaratishda faqat ta’lim muassasalari bitiruvchilarining biznes loyihalarini moliyalashtirish bilan cheklanib qolmay, tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratayotir. Shu maqsadda kredit tashkilotlari tomonidan joriy yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ko‘llab-quvvatlashga 8,5 trillion so‘m, iqtisodiyot real sektori korxonalarini texnik va texnologik qayta jihozlash hamda yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun 8 trillion so‘mdan ortiq investitsion kreditlar ajratilishi belgilangan.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi shunday tadbirlardan biridir. Loyiha doirasida kasb-hunar kollejlarida tadbirkorlik burchaklari tashkil etilib, ularga biriktirilgan bank xodimlari tomonidan ko‘plab oilalarga kredit va grantlar olish bo‘yicha maslahatlar berildi.
Anjumanda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ular yaratayotgan innovatsion loyihalarni xususiy sektor faoliyatiga keng jalb qilishga doir ma’ruzalar tinglandi.