Yoshlar bandligi bugunning muhim masalasidir
Yoshlarning ishsizlik darajasi bugungi kunda yuqoriligicha qolayotgani bor gap. Tuman va shahar markazlaridagi vaqtinchalik ish bilan ta’minlaydigan markazlarda yig‘ilib turgan yoshlar sonining ko‘pligi bunga yaqqol dalil.
Yoshlar faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tegishli tashkilotlar va ular tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar yoshlar bandligini ta’minlashga sezilarli hissa qo‘shmoqda.
Qarshi shahridagi Jurnalistlar uyida Qashqadaryo viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sardor Mahmudov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ham ayni shu masalalar muhokama qilindi.
Hozirgi kunda ko‘pchilik yoshlar, ayniqsa, qishloq yoshlari bilak kuchiga tayangan holda qora mehnat bilan tirikchilik qilmoqda. Ularning aqliy va professional kasbiy mahoratini shakllantirish borasida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilganmi, degan savolimizga boshqarma mas’uli quyidagicha javob berdi.
– Aniqroq gapirsam, joriy yilda Germaniya davlati bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida malakali mutaxassislarni tayyorlashni yo‘lga qo‘ydik, – deydi S.Mahmudov. – Hozir ushbu yo‘nalishda 200 nafar yosh o‘qitilmoqda. Kelgusida ular nafaqat mamlakatimizda, balki Germaniyada ham ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu boradagi loyihalarimizni yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri