Yosh tibbiyotchilar tajriba almashdi
Samarqand davlat tibbiyot universitetida talabalar va yosh olimlarning 79-xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
“Fundamental, amaliy tibbiyot va farmatsiya yutuqlari” mavzusidagi bu galgi anjumanda Xitoy, Rossiya, Belarus, Turkiya, Bolgariya, Qozog‘iston, Tojikiston, Boshqirdiston, Ozarbayjon, Gruziya respublikalari hamda mamlakatimizdagi 40 ga yaqin oliy tibbiy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot markazlari talabalari, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdilar.
Konferensiyaning ochilishida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev va boshqalar mazkur konferensiyaning respublikamizda ilmiy va amaliy tibbiyotning yanada rivojlanishidagi roli hamda xorijiy davlatlardagi oliy ta’lim muassasalari bilan tajriba almashishning ahamiyati haqida so‘z yuritib, barcha ishtirokchilarga omad tiladi.
[gallery-23411]
Konferensiya 24 shu’bada o‘z ishini davom ettirdi va 660 nafardan ortiq talabalar va yosh tadqiqotchilarning taqdimotlari namoyish etildi.
Anjuman davomida tibbiyotning ko‘plab dolzarb muammolari bilan bir qatorda “Yosh olimlar klubi” davrasi tashkil etilib, tibbiyotdagi innovatsion g‘oyalar, startap loyihalar muhokama qilindi.
Yakunda anjuman ishtirokchilariga diplom, sertifikat hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, xalqaro anjuman doirasida akademik I.Pavlov nomidagi birinchi Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti umumiy va bioorganik kimyo kafedrasi mudiri, kimyo fanlari doktori, professor Konstantin Semenov hamda Naxchivan davlat universiteti rektori Elbrus Isayevga “Samarqand davlat tibbiyot universiteti faxriy professori” unvoni berildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri