Yosh tadbirkorlarga keng imkoniyatlar
Navoiyda “O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligi: holati va istiqbollari” I respublika yosh tadbirkorlar biznes-forumining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Navoiyda “O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligi: holati va istiqbollari” I respublika yosh tadbirkorlar biznes-forumining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi tomonidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat iqtisodiyot bosh boshqarmasi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ayniqsa, yoshlar tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Forumda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan o‘tkazilayotgan tanlovlarda g‘oliblikka erishgan hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlagan faol yoshlar, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari ishtirok etdi.
– Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, intilish va tashabbuslarini rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotir, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Navoiy viloyati kengashi raisi Jamshid Xo‘jayev. – Yoshlarning ishbilarmonlik salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladigan mazkur biznes-forum ham yangi g‘oya va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘mak berishi bilan ahamiyatlidir. Tashkilotimiz tashabbusi bilan tashkil etilayotgan “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor”, “Mening biznes g‘oyam” kabi tanlovlar hamda “Vatanim taraqqiyotiga mening hissam” shiori ostidagi ko‘rgazma shijoatli yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etishda muhim omil bo‘layotir.
Forumda tadbirkorlarga yaratilgan imtiyoz va preferensiyalar, qonun hujjatlarida xususiy sektor vakillarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan normalar, soliq, bojxona va ro‘yxatdan o‘tkazish turlari bo‘yicha imtiyozlar, moliya-kredit masalalaridagi erkinlik hamda eksport-import jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar xususida fikr almashildi.
– Mamlakatimizda yosh tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilayotgani bizni yanada izlanishga undamoqda, – deydi Navoiy shahridagi “Navoiy gipsoblok” oilaviy korxonasi rahbari Shahnoza Abdurahmonova. – Xususan, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan o‘tkazilgan “Mening biznes g‘oyam” tanlovining mamlakat bosqichida g‘oliblar safidan o‘rin olganim g‘ayratimga g‘ayrat qo‘shdi. Jumladan, men ham yosh ishbilarmon sifatida oilaviy korxona tashkil etdim. “Asakabank”ning viloyat filialidan olingan 23 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit qurilish mollari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishimizda muhim omil bo‘ldi. Bugungi forumda yoshlar tadbirkorligiga berilgan imtiyozlar xususida yanada ko‘proq ma’lumotlarga ega bo‘ldim.
Yangi g‘oya va istiqbolli loyihalari ishlab chiqarishga tatbiq etilayotgan 10 nafar yosh tadbirkor biznes-forumning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.