Yosh tadbirkor va fermerlarning muammolari joyida hal etildi
Sirdaryo viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan 1 ming 300 dan ziyod yoshga tijorat banklari tomonidan 17 milliard 8 million so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.
Sirdaryo viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan 1 ming 300 dan ziyod yoshga tijorat banklari tomonidan 17 milliard 8 million so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.Bu haqda Sirdaryo tumanida o‘tkazilgan yosh tadbirkorlar va fermerlarning muammo va takliflarini o‘rganishga bag‘ishlangan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.
Viloyat hokimligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda soliq, tijorat banklari mutaxassislari, viloyat fermerlar kengashi, “Yagona darcha” markazlari rahbarlari, yosh fermerlar, tadbirkorlar va shu sohada faoliyat yuritish istagida bo‘lgan yoshlar ishtirok etdi.
Ochiq muloqotda yoshlarning taklif va tashabbuslarini o‘rganish, ular duch kelayotgan muammolarga joyida yechim topishga alohida e’tibor qaratildi.
– Bugungi tadbir ayniqsa, biz, yosh tadbirkorlar uchun g‘oyat foydali bo‘ldi, – deydi Guliston tumanidagi “Nurafshon hayot sehri” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Otayor Haydarov. – Korxonamiz zamonaviy jihozlangan, 6 kishi ish bilan ta’minlangan. Ammo, bizga un fondi ajratilmagani bois ishimiz to‘xtab qolgan edi. Bugungi muloqotda shu muammoni ko‘tardim. Viloyat hokimi masalani joyida hal qilib berdi. Shuningdek, chorvachilik fermasi tashkil etib, go‘sht, sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun bankdan 70 million so‘m kredit mablag‘i olishda muammo yuzaga kelayotgan edi. Tijorat bankiga biznes loyihamizni ko‘rib chiqib, qonun talablari asosida kredit ajratish topshirig‘i berildi. Agar bu muammo ham hal bo‘lsa, yana 16 tengdoshim ish bilan ta’minlanadi.
– Joriy yil davlatga g‘alla sotish rejasini ortig‘i bilan bajardik, – deydi Xovos tumanidagi “Xovos-Jamshidbek” fermer xo‘jaligi rahbari Aziza Hakimova. – G‘alladan bo‘shagan maydonga viloyatdagi eksportyor tashkilotlar bilan shartnoma tuzib, mosh ekdik. Hozir baravj o‘smoqda. Texnika masalasida qiynalayotganimni bildirib, lizing asosida texnika ajratilishini so‘radim. Viloyatimiz hokimi shu yerning o‘zida masalani hal qilib berdi. Shuningdek, yilqichilikni tashkil etish rejamiz ham bor, ammo uni rivojlantirish uchun ozuqa bazasi mustahkam bo‘lishi kerak. Shu maqsadda unumdorligi past, yaxshi hosil bermayotgan yerdan ozuqabop ekinlar uchun 10 gektar ajratilishini so‘rab, vakolatli tashkilotlarga murojaat qildim, natija bo‘lmadi. Umid qilamanki, bu masala ham o‘z yechimini topadi.
Tadbirda bank, soliq va kadastr tashkilotlari, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi hamda boshqa mutasaddi idoralar rahbarlari yoshlarga savol va murojaatlari yuzasidan atroflicha tushuncha va maslahatlar berdi. Yoshlar tomonidan ko‘tarilgan muammo va takliflarning asosiy qismi shu yerda o‘z yechimini topdi.
Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev so‘zga chiqdi.