Yosh tadbirkor va fermerlar anjumani
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan mamlakatimiz mustaqilligining 25-yilligi oldidan “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida yosh tadbirkor va fermerlar forumi o‘tkazildi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan mamlakatimiz mustaqilligining 25-yilligi oldidan “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida yosh tadbirkor va fermerlar forumi o‘tkazildi.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori M.Aliyev, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi S.Turdiyev, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi B.G‘aniyev va boshqalar mustaqillik sharofati bilan xususiy mulk va tadbirkorlikka keng yo‘l ochilganini, mazkur forum ham kichik biznes va fermerlik harakatini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan islohotlarning yaqqol samarasi sifatida mamlakatda yosh mulkdorlar qatlami shakllanganligini targ‘ib qilish va ular uchun muloqot maydonini yaratish maqsadida tashkil etilganini ta’kidladi.
O‘tgan qisqa davrda O‘zbekiston barqaror sur’atlar bilan o‘sib borayotgan, ko‘p qirrali iqtisodiyotga ega bo‘lgan davlatga aylandi. Istiqlol yillarida mamlakatimiz iqtisodiyoti qariyb 6 barobar, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan real daromadlar 9 barobar ortib, yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari barqaror ravishda yiliga 8 foizdan yuqori bo‘lmoqda.
Bugun yurtimizda 88 mingdan ziyod yosh tadbirkor va minglab fermerlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning safi yildan-yilga kengaymoqda. Yosh tadbirkor va fermerlar nafaqat o‘z oilasi farovonligiga, balki Vatanimiz taraqqiyotiga ham o‘z hissasini qo‘shmoqda. Yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratib, o‘z aka-uka, opa-singillarini, tengdoshlarini ish bilan ta’minlamoqda. Har yili kasb-hunar kollejlarining yuzlab bitiruvchilari kichik biznes va tadbirkorlik sohasi vakillari safiga qo‘shilmoqda.
– Korxonamizda 130 nafarga yaqin ishchi mehnat qilayotir, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “Stroyvektor” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, yosh tadbirkor Islombek Panayev.– Bir necha yildan buyon qurilish materiallari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanamiz. Joriy yilda bankdan olingan 3 milliard so‘mlik sarmoya evaziga chorvachilikni rivojlantirishga bel bog‘ladik. Forum doirasida tengdoshlarim bilan qishloqlarda yangi ish o‘rinlari yaratish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va bitiruvchilar ishtirokida yangi korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga doir vazifalarni muhokama qildik.
– Fermer xo‘jaligimiz ko‘p tarmoqli, – deydi Andijon viloyatidagi “Jonobod zamindori” fermer xo‘jaligi rahbari, yosh fermer Azizbek Daminov. – O‘tgan besh yil davomida xorijdan 100 bosh naslli qoramol olib keldik. Baliqchilik, parrandachilik, asalarichilikni rivojlantirdik. Kuniga to‘rt tonna sutni qayta ishlab, 11 xildagi mahsulot tayyorlashni yo‘lga qo‘ydik. Joriy yilda g‘alladan yuqori hosildorlikka erishdik. Kelgusida korxonamiz faoliyatini yanada kengaytirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratishni mo‘ljallayapmiz.
Forum doirasida o‘tkazilgan tadbirlarda yoshlarga oid davlat siyosatini hayotga tatbiq etish, yosh tadbirkor va fermerlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasiga oid qonunchilikni takomillashtirish masalalari bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. “Biznesda muvaffaqiyatga erishish omillari” mahorat darslari uyushtirilib, O‘zbekiston yosh tadbirkorlari va fermerlari erishayotgan yutuqlar aks etgan fotosuratlar va ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.