Yosh sportchilar chempionati
Namanganda olimpiya zaxiralari kollejlarining 14-15 yoshli o‘quvchilari o‘rtasida futbol, yengil atletika, og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Namanganda olimpiya zaxiralari kollejlarining 14-15 yoshli o‘quvchilari o‘rtasida futbol, yengil atletika, og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
“Olimpiya cho‘qqilari – 2015” deb nomlangan mazkur musobaqalarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 14 kollej jamoasi bahslashdi.
Chempionat futbol o‘yinlari finalida Namangan olimpiya zaxiralari kolleji jamoasidan 1:2 hisobida ustun kelgan Respublika olimpiya zaxiralari kolleji jamoasi 15 ochko to‘plab, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Namanganlik yoshlar 13 ochko bilan ikkinchi, 12 ochko jamg‘argan buxorolik yosh futbolchilar uchinchi o‘rinni egalladi.
Og‘ir atletika bahslarida umumjamoa hisobida Andijon viloyati jamoasi birinchi, namanganlik atletlar ikkinchi va Toshkent viloyati o‘quvchilari uchinchi o‘rinni band etdi.
Engil atletika bellashuvlarida Respublika olimpiya zaxiralari kolleji jamoasi g‘olib bo‘ldi. Samarqand viloyati yoshlari ikkinchi, Jizzax viloyati sportchilari uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Chempionat yakunida g‘olib va sovrindorlar kubok, diplom va medallar bilan taqdirlandi.