Yosh shpagachilarimiz shohsupa to‘ridan joy oldi
Qirg‘izistonning Bishkek shahrida o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida qilichbozlikning shpaga yo‘nalishi bo‘yicha nufuzli xalqaro turnir o‘tkazilgani va unda ikki vakilimizning ulkan natijalari haqida xabar bergan edik.
Endi esa ushbu musobaqada qilichbozlarimiz qayd etgan barcha natijalarga to‘xtalib o‘tamiz. Jumladan, turnirning o‘smirlar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida Kablan Kamalov barcha raqiblaridan ustun kelib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Abrorbek Ermamatov va Hikmatillo Akbaraliyev bronza medallarini qo‘lga kiritdi. O‘smir qizlar bahsida esa Go‘zal Toshmuhammedova uchinchi o‘rinni egalladi.

Shuningdek, yoshlar toifasidagi yakkalik bellashuvlarida Go‘zal Toshmuhammedova kumush, Sevinch Oydinova esa bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Jamoaviy bellashuvlarda Efsun Nazarova, Sevinch Oydinova, Adiba Raimkulova va Yasmina Ro‘ziboyeva kabi qilichbozlardan iborat jamoamiz kumush medallarni qo‘lga kiritdi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi jamoaviy bahslarda tarkibida Abrorbek Ermamatov, Ahrorbek Avazbekov, Firdavs Suyundikov, Islombek Ikramov bo‘lgan o‘smirlar terma jamoamiz, shuningdek, Jahonshoh Apsetterov, Kablan Kamalov, Saidalo Azizov va Islombek G‘ofurjonovdan tashkil topgan yoshlar terma jamoamiz bronza medalga ega chiqdi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA