Yosh shaxmatchilar musobaqasi
Andijon viloyati Marhamat tumanidagi Erkin Vohidov nomidagi shaxmat maktabida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Ta’lim grossmeystrlari” shaxmat musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur musobaqa Prezidentimizning joriy yil 14 yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazildi.
Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan «Ta’lim grossmeysterlari» musobaqasida 18 ming nafardan ziyod maktab o‘quvchilari ishtirok etdi.
– Mazkur musobaqa shaxmat bo‘yicha yuzlab yangi iqtidorlarni kashf etdi, – deydi Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov. – Ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, umuman, shaxmatni yanada ommalashtirish maqsadida o‘tkazilgan musobaqa ishtirokchilari orasidan kelgusida mamlakatimiz shaxmat yulduzlari yetishib chiqishiga aslo shubha yo‘q.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, viloyatda bolalar va yoshlar o‘rtasida shaxmatni rivojlantirishga qaratilgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Masalan, yaqinda bo‘lib o‘tgan mamlakat chempionatida Andijon shahridagi 48- umumta’lim maktabi o‘quvchisi Abduqodir Bahodirov 11 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida 1-o‘ringa, 7 yoshli shaxmatchilar o‘rtasida Baliqchi tumanidagi 36-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Ruxshona Ilhomjonova 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ularning har ikkalasi o‘z yosh toifasida jahon chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
«Ta’lim grossmeysterlari» musobaqasi viloyat bosqichida musobaqaning tuman, shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 186 nafar o‘quvchi 6 ta yosh toifasida g‘oliblik uchun o‘zaro bahslashdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 36 nafar bo‘lajak grossmeyster musobaqa tashkilotchilari tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA