Yosh qilichbozlar Toshkentda bellashmoqda
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizda qilichbozlik bo‘yicha 20 yoshlilar o‘rtasida mamlakat kubogi bahslari bo‘lib o‘tmoqda Musobaqaning ilk kunida sportchilar shpaga yo‘nalishida bahslarga kirishdi. 50 nafar o‘g‘il-qiz yakkalikda g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Hakamlar hay’atining qaroriga ko‘ra, Sanam Nazarova (Toshkent) g‘oliblik shohsupasining eng yuqori pog‘onasidan o‘rin egalladi. Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi (ROPSTTM) o‘quvchisi Madina Mansurova ikkinchi, Shahnoza O‘rinboyeva (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) va Andijon OPSTTM tarbiyalanuvchisi Ozoda Usmonjonova uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
[gallery-24971]
Yigitlar o‘rtasida kechgan yakkalik bellashuvlarida ROPSTTM sportchisi Iskandar Turishev tengdoshlaridan ustun keldi va g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Nuriddin Nazirqulov (Guliston), Ozodbek Zaynobiddinov (Farg‘ona OPSTTM) va Vadim Bagautdinov (Chirchiq OPSTTM)lar keyingi o‘rinlarga sazovor bo‘ldi.
Mamlakat kubogining keyingi kunida sablya yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi.
Qizlar o‘rtasida kechgan bahslar qiziqarli va keskin kurashlarga boy bo‘ldi. E’tiborli tomoni shundaki, barcha sovrinli o‘rinlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi qizlariga nasib etdi. Nargiza Jaksiboyeva (Nukus OPSTTM) 1-o‘rinni egalladi. Uning tengdoshlari Dilnoz Ustandinova, Nargiza Uteboyeva, Nurhayot Kalniyozovalar esa keyingi o‘rinlarga munosib ko‘rildi.
O‘g‘il bolalar bahsida yana bir qoraqalpog‘istonlik sportchi Alpomish O‘roqboyev g‘oliblikni tantana qildi. Keyingi o‘rin Saidibrohim Olimov (milliy klub)ga nasib etdi. 3-o‘rinni esa Artur Bekjonov (Nukus OPSTTM) bilan Azizbek Karimboyev (Toshkent) bo‘lishib oldi.
Ta’kidlash joizki, yoshlar o‘rtasidagi bu kubok katta ahamiyatga ega: musobaqa natijalari asosida xalqaro maydonda mamlakatimiz sharafini himoya qiladigan O‘zbekiston terma jamoasi shakllantiriladi.
O‘zbekiston kubogi uchun bo‘layotgan musobaqa bugun nihoyasiga yetadi. Yigit va qizlarni rapira yo‘nalishidagi bellashuvlar kutmoqda.
Muhammad AMIN(surat),O‘zA