Yosh polvonlarimiz jahon chempionatini 7 ta medal bilan yakunladi
Cport kurashlari bo‘yicha U17 yosh toifasidagi jahon chempionati Iordaniyaning Amman shahrida o‘tkazildi. Quvonarlisi, unda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 1 tadan oltin va kumush hamda 5 ta bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, sport kurashlari bo‘yicha o‘tgan ushbu chempionatning erkin kurash bahslari vazni -48 kg. toifasida hamyurtimiz Ulug‘bek Rashidov barcha raqiblarini yengib, jahon chempioniga aylandi.

Dunyo birinchiligining yunon-rum kurashi bahslarida esa hamyurtlarimizdan Husniddin Abdukarimov (-48kg.) kumush, Umidjon Karomov (-45 kg.), Sardor Xolmurzayev (-55 kg), Farruh Yo‘ldoshev (-60 kg.), Behruzbek Valiyev (-71 kg.) va Faxrikamol Komiljonov (-92 kg.) bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, yunon-rum kurash bahslarida 1 ta kumush va 5 ta bronza medaliga ega chiqqan polvonlarimiz umumjamoa hisobida ikkinchi bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA