Yosh olimning ishlanmalari oʻz samarasini bermoqda
Hozirgi rivojlanayotgan davrda ilmiy gʻoyalarning oʻrni benihoya katta hisoblanadi.
Hozirgi rivojlanayotgan davrda ilmiy gʻoyalarning oʻrni benihoya katta hisoblanadi. Chunki barcha sohalarni takomillashtirish ularning zamon talabiga mos boʻlgan innovatsion yutuqlar bilan boyitish eng asosiy talablardan biridir. Xuddi shunday oʻz izlanishlarida ilmiy yutuqlarga erishayotgan yoshlar ham davlatning ilmiy va iqtisodiy rivojiga hissasini qoʻshadi.
Ibodjon Ismoilov ham shunday yoshlardan biri sifatida bugun Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida oʻz ilmiy izlanishlarini olib bormoqda. Startapchi va yosh olim 2019-yilda Buxoro davlat tibbiyot instituti tibbiy pedagogika fakultetini tamomlab, ushbu institutning Urologiya yoʻnalishida magistraturaga grant asosida oʻqishga kirdi. Hozirda institutning ilmiy innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlab kelmoqda.
Ibodjon Ismoilov intiluvchanligi, ilmga chanqoqligi va iqtidori, institut ijtimoiy-maʼnaviy hayotida faol ishtiroki, tashabbuskorligi va jamoat ishlarida faol ishtirok etganligi uchun 2018-2019 oʻquv yilida Islom Karimov Davlat stipendiyasi sohibi boʻlgan.
Yosh olim tibbiyotning 6 ta yoʻnalishi boʻyicha ilmiy innovatsion ishlanmalarni yaratdi. Bu bilan tibbiyotning dolzarb muammolarini hal etishga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Olimning terining yuza va chuqur jarohatlarini davolashda Emplastir ixcham elastik va mustahkam qoplama, uni sanoatda ishlab chiqarish murakkablik tugʻdirmaydi va uning vazifasi turli taʼsirlar natijasida teri butunligining buzilishi va uning asosida paydo boʻladigan teridagi jarohatlanish va yaligʻlanishni bartaraf etishdir.
Emplastir jarohatning bitishiga yordam berib, shikastlangan sohaga antibakterial taʼsir koʻrsatadi, jarohat muhitini abakterial holatda saqlashga xizmat qiladigan maxsus qulay bogʻlov plastiri hisoblanadi.
Mazkur loyiha patentlangan. Koʻp funksiyali lokal davolash kamerasi. Koʻp funksiyali lokal davolash kamerasi davolash maqsadida qoʻllaniladigan tibbiy texnik apparat hisoblanib, undan xirurgiya yoʻnalishida abssess, furunkul, karbonkullarni xirurgik ishlovdan keyin oʻchoqni davolash, terining shilinishi, koʻchishi, yirtilishi va birlamchi xirurgik chokni bitish bosqichini tezlashtirish, kuyish kasalligini davolashda qoʻllaniladi.
Travmatologiya yoʻnalishida boʻgʻimlar osteoparozi va boʻgʻimalarning organik kasalliklarini davolashda ishlatiladi. Bundan tashqari, teri-tanosil kasalliklari va terapevtik kasalliklarni davolashda keng qoʻllash mumkin. Kamera bemorlarning shikastlangan sohasiga maksimal yaqinlashib, jarohatga har tomonlama antibakterial, proleferatsiyalovchi, regenerativ va dezintoksikasion taʼsir qiladi. Kamera organik shishadan tashkil topgan, toʻrtburchak shaklidagi apparat boʻlib, bemorning qoʻl, oyoq va tanasiga kirishga moslashtirilgan kirish-chiqish yoʻlagi mavjud. Apparat germetik, uning innovatsion tomoni bir kameraning oʻzida 5 tadan ortiq davolash muhitini va usulini mujassamlashganligidir. Kameraning ogʻirligi 6 kg, uzunligi 60 santimetr, eni va boʻyi 40 santimerdan, ichida 4-5 atm oʻzgaruvchan past bosim boʻladi. Bundan tashqari, apparatga suv yoki dezinfeksion suyuqliklar bilan toʻldirgan holda gidroterapiya amalga oshiriladi. Patentlash uchun talabnoma berilgan.
Umurtqalararo disk churrasini davolashda tayanch korset. Tayanch korset tibbiyotda qoʻllaniladigan fizioterapevtik davolovchi texnik asbob boʻlib, u neyroxirurgiya va nevralgiya sohalarida keng ishlatiladi. Asosan umurtqa pogʻonasi osteoxandrozi va uning asorati boʻlmish umurtqalararo disk churrasini davolashda qoʻllaniladi. Umurtqa pogʻonasi osteoxandrozi va uning asorati boʻlmish disk churrasini davolashda Tayanch korset kasallikning erta bosqichida bemorni tez, asoratsiz va eng muhimi, ogʻriqsiz davolashga xizmat qiladi. Tayanch korset asosan L4-L5 va L5-S1 umurtqalar orasidagi disk churralariga qoʻyishga moʻljallangan boʻlib deyarli koʻpchilik disk churalari aynan shu sohalarda uchrashi bunga asos boʻlgan. Korset oʻrnatilgach, davolash effekti beldagi ortiqcha ogʻirlikni yoʻqotish, disklar oraligʻiga foydali harakat (vibratsiya) berish, termik taʼsir tufayli kinin sistemasini faollashtirib umurtqalararo sohalarda modda almashinuvini kuchaytiradi. Korsetning innovatsion tomoni – korsetda ikkita yoysimon tayanch asos joylashgan boʻlib, richak buralganda tanaga yaqinlashadi va bel sohasidagi umurtqalarni 2-4 santimetrgacha suradi.Davolash effekti shu asosida vujudga keladi.
Yosh olimning shu kabi bir necha ilmiy ishlanmalari boʻlib, hozirda ular ustida ilmiy ishlarni olib bormoqda. Ibodjon Ismoilov tomonidan 12 ta ilmiy ishga Intellektual mulk agentligiga foydali model va ixtiroga talabnoma topshirilgan. 4 ta ishlanmasiga mualliflik huquqini beruvchi patent va guvohnomalarni olgan.
I.Ismoilov oʻzining tashabbuskorligi, tirishqoqligi bilan institut jamoasi va talabalari orasida eʼtibor qozongan.U doimiy ravishda oʻzining ilmiy-nazariy malakasini oshirish ustida qatʼiyat va sabr-toqat bilan ish olib bormokda. Xar ishda tashabbuskor, jurʼatli, toʻgʻrisoʻz, maʼnaviy yetuk, doʻstlaridan oʻz yordamini ayamaydi.
I.Ismoilov mustaqil fikrlaydigan, intellektual salohiyatga, chuqur bilim va zamonaviy dunyoqarashga, oʻzining qatʼiy hayotiy eʼtiqodi va qarashlariga ega boʻlgan faol yoshlardandir.