Yosh olimlar yangi ishlanmalarni taklif etmoqda
Shu munosabat bilan 3 oktabr kuni Toshkentda “O‘zbekiston –Belarus” xalqaro ilmiy-texnik loyihalar va ilmiy stajirovkalar ishtirokchilarining 1-respublika forumi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi yuz nafarga yaqin yosh olimni Belarus Respublikasiga ilmiy stajirovka o‘tash uchun yuborgan edi. Shu bilan birga, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining 20 dan ziyod rahbar xodimi ham innovatsion faoliyatni boshqarish va tijoratlashtirish bo‘yicha ushbu mamlakatda malaka oshirib qaytdi.
Shu munosabat bilan 3 oktabr kuni Toshkentda “O‘zbekiston –Belarus” xalqaro ilmiy-texnik loyihalar va ilmiy stajirovkalar ishtirokchilarining 1-respublika forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Belarus Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Leonid Marinich va boshqalar davlatlarimiz o‘rtasida ilmiy-texnik hamkorlik aloqalari yangi bosqichda rivojlanayotganini ta’kidladi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi va Belarus Respublikasi Fan va texnologiyalar davlat qo‘mitasi o‘rtasida ikki tomonlama ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha erishilgan kelishuvlar doirasida bugungi kunda umumiy qiymati 7,4 milliard so‘mlik 15 ta qo‘shma ilmiy-texnik loyiha amalga oshirilayotir. Shuningdek, mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida 2 ta zamonaviy qo‘shma ilmiy laboratoriya tashkil etilmoqda.
Forumda ishtirok etgan yosh olimlar Belarus Respublikasida energiya tejamkor texnologiyalar, geoaxborot tizimlari texnologiyalari, immunobiologiya, zamonaviy tibbiy tashxis usullari kabi ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha olgan amaliy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
– Ilmiy stajirovka davomida Belarus Milliy Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalarida bakteriyalarni identifikatsiyalash usullarining nazariy-amaliy asoslarini o‘rgandim, – deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti tayanch doktoranti Xonsuluv Sohibnazarova. – Bakteriyalarni identifikatsiya qilish usullari ko‘plab sohalarda, xususan, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida turli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi zamburug‘lar, bakteriyalarni aniqlash imkonini beradi.
Tadbirda xalqaro ilmiy stajirovkalar asosida yangi taklif va ishlanmalar ilgari surildi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti elektr mashinalari kafedrasi mudiri Olimjon Toirovning energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha innovatsion ishlanmalaridan biri infraqizil nurlar yordamida isitishni ta’minlaydigan avtomatlashtirilgan tizim haqida. Bu tizim binolarda zamonaviy, innovatsion texnologiya talablariga javob beradigan mikroiqlimni yaratish uchun mo‘ljallangan. Uning ishlash prinsipi elektr energiyani infraqizil diapazonida elektromagnit to‘lqini energiyasi o‘zgarishi orqali issiqlik energiyasini olish va undan binolarni isitishda qo‘llashga asoslangan.
Ushbu ishlanma binolarni isitishda qo‘llanilganda mavjud isitish tizimiga nisbatan energiya resurslari iste’moli 2 baravargacha tejaladi. Issiqxonalarda foydalanilganda hosildorlikning oshishi va mahsulotning sifati yaxshilanishiga samarali ta’sir ko‘rsatadi.
– Belarus Respublikasiga tashkil etilgan malaka oshirish dasturi har bir tadqiqotchida yangi g‘oyalar paydo bo‘lishi va ilmiy ishlanmalar yaratilishiga turtki berdi, – deydi O.Toirov. – Shu bilan birga o‘zaro ilmiy-texnik aloqalar yangi kelishuvlar bilan boyidi. Jumladan, Belarus Milliy Fanlar akademiyasi Energetika instituti va Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti o‘rtasida kelishuv shartnomasi imzolandi. Ushbu shartnomada birgalikda ikki tomonlama ilmiy loyihalarda ishtirok etish, o‘quv qo‘llanma va adabiyotlar yaratish, xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalar chop ettirish, ilmiy-amaliy konferensiyalarda ishtirok etish ko‘zda tutilgan.