Yosh olimalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash samarasi (+video)
Gulperizad Reypnazarova asli Qoraqalpog‘istonlik. Ilmga chanqoqligi uni ziyo istab poytaxtga yetakladi. Intiluvchanligi, o‘z maqsadi sari dadil qadam tashlashi va qobiliyati tufayli 30 yoshida Qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga erishdi.
Dissertatsiyasining mavzusi bugungi kunda dunyoda kam tarqalgan, noyob xususiyatlarga ega o‘simliklardan biri “Oddiy kizil” (Cornus mascula L.) bo‘lib, u mo‘l va barqaror hosil berish xususiyatiga ega.
- Bu o‘simlik ustida ilmiy tajribalar olib borganmiz, - deydi Toshkent Davlat Agrar universiteti Qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori Gulperizad Reypnazarova. – Bu o‘simlik Kornesey oilasiga mansub bo‘lib, danakli meva hisoblanadi. Rossiya, Ukraina, Qrimda ko‘p o‘sganligi uchun O‘zbekistonga o‘tgan asrning 60-yillarida kirib keldi. (davomi videoda)
Mutaxassislarning aniqlashicha, mazkur o‘simlik yurak va qon tomir tizimiga mustahkamlovchi ta’sir ko‘rsatadi. Oddiy kizil faqatgina qon bosimigina emas, balki qabziyat va artritdan aziyat chekuvchi insonlar uchun ham foydalidir. U organizmda modda almashinuvini yaxshilaydi, qon tarkibidagi glyukoza va xolesterin miqdorini kamaytiradi, uni vaznni nazorat qilish ratsioniga qo‘shish mumkin.
Xorijiy mamlakatlarda ushbu o‘simlik keng tarqalgan bo‘lib, yurtimizda ham o‘tgan asrda “Shreder”, hozirgi Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hududida qizil o‘simligi biologiyasi, tog‘li joylarda o‘sishi, shaklining xilma-xilligi, yashil qalamchalar bilan ko‘paytirish, ekish muddatlari, sxemalari, oziqlantirish me’yorlari bo‘yicha tadqiqotlar olib borilgan. Biroq, ularning ishlari yakuniga yetib, o‘simlik ommalashmagan. Yosh olima ustozlarning izidan borib, ushbu navni mahalliylashtirish borasida katta ilmiy yutuqlarni qo‘lga kiritdi.
<iframe width="866" height="487" src="https://www.youtube.com/embed/Xp9jBLDgZt4" title="Yosh olimalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash samarasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA