Yosh oftalmologlar uchun tajriba maktabi
12-13 oktbyar kunlari Samarqandda O‘zbekiston oftalmologlarining uchinchi xalqaro kongressi o‘tkazildi.
Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mas’ul xodimlari va yurtimiz tibbiyot muassasalari mutaxassislari bilan birga AQSH, Germaniya, Shveysariya, Ukraina, Turkiya, Rossiya, Hindiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Armaniston va boshqa davlatlardan 1500 nafardan ziyod oftalmolog bevosita va onlayn tarzda ishtirok etdi.
Xalqaro kongressda oftalmologiyaning deyarli barcha yo‘nalishlaridagi dolzarb muammolar, keng tarqalgan ko‘z kasalliklari diagnostikasi va davolash usullari haqida so‘z yuritildi. Jumladan, bugun oftalmologik yordam tashkil etish, glaukoma diagnostikasi va uni davolashning yangi uslublari, ko‘z gavhari kasalliklarini davolashning yangi texnologiyalari seksiyalarida ma’ruzalar tinglandi. Ushbu mavzular bo‘yicha, ayniqsa, yosh olimlar seksiyasida qizg‘in muhokamalar kuzatildi. Unda Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning filiallarida faoliyat ko‘rsatayotgan yosh oftalmologlar ustozlari rahbarligida olib borayotgan tadqiqotlari haqida ma’ruzalar qildi. Ularning chiqishlari xorijlik mutaxassislar tomonidan ham e’tirof etilib, zarur maslahat va tavsiyalar berildi.
– Yurtimiz oftalmologlarining bu galgi forumi ham bugun qo‘lanilayotgan diagnostika va davolash usullarini tahlil etish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy qilish hamda bu borada mahalliy va xorijlik mutaxassislar bilan o‘zaro tajriba almashish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali rahbari Botir To‘xtayev. – Jumladan, filialimiz xodimlari va viloyatimizdagi tibbiy muassasalar oftalmologlari ikki kun davomida bir nechta seksiyalarda ishtirok etib, tajribalari mutaxassislarning ma’ruzalarini tingladilar, amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdilar. Shuningdek, oftalmologiya sohasida asbob-uskunalar va dori vositalari ishlab chiqaruvchi xorijiy kompaniyalar ko‘rgazmalari bilan yaqindan tanishdik.
[gallery-13995]
Kongress yakunida faol ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi hamda anjumanni tashkil etish va o‘tkazishga hissa qo‘shgan homiylarga tashakkurnomalar bildirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari.