Yosh mutaxassislar huquqiy jamiyat kelajagi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Yuridik fakultetida yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish, ularning jamiyatdagi huquqiy ongini shakllantirish, shuningdek, yangi qabul qilinayotgan qonun va normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini keng tarzda tushuntirish maqsadida “Qonun ustuvorligi va inson huquqlari” mavzusida media-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari mamlakatimizda huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, sud-huquq sohasidagi yangilanishlar, inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro standartlari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Tadbirning asosiy qismi fakultetning zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan kriminalistika laboratoriyasida davom etdi. Ishtirokchilar tergov jarayonlarida qo‘llaniladigan texnik vositalar, dalillarni aniqlash va saqlash usullari, kriminalistik ekspertiza turlari bilan yaqindan tanishdi. Mutaxassislar tomonidan jinoyat hodisalarini ochishda dalillarni ilmiy tahlil qilishning ahamiyati va zamon talablariga mos innovatsion usullar haqida ma’lumot berildi.
[gallery-27782]
Talaba-yoshlarga barmoq izlarini aniqlash, ob’ektlar bilan ishlash, yozma hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish, foto va video dalillar bilan ishlash kabi amaliy ko‘nikmalar bo‘yicha namoyishlar ko‘rsatildi. Amaliy misollar orqali yoshlar o‘zlarining nazariy bilimlarini mustahkamlab, kelajakda huquqni muhofaza qilish organlarida ishlash uchun kerak bo‘ladigan amaliy tajriba elementlarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shundan so‘ng media-tur ishtirokchilari fakultetda tashkil etilgan o‘quv sud zaliga tashrif buyurib, sud jarayonlarining qanday tashkil etilishi va amalga oshirilishi bilan tanishdi. Sud majlisining tuzilmasi, sudyalarning qaror qabul qilish prinsiplari, prokuror va advokatlarning protsessual roli, shuningdek, sud etikasi haqida batafsil tushunchalar berildi. Interfaol tarzda o‘tkazilgan ushbu bo‘limda talabalar sud jarayonining ayrim bosqichlarini modellashtirish orqali ishtirok etib, o‘z fikrlarini bildirib, savollariga javob oldi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘rtasida fikr almashuv bo‘lib, qonun ustuvorligini ta’minlashda har bir fuqaroning huquqiy bilimga ega bo‘lishi, qonunlarga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalanishi muhimligi ta’kidlandi. Yoshlar tomonidan huquqiy bilimlarni keng targ‘ib qilish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda bunday media-turlar va amaliy tadbirlarni muntazam tashkil etish bo‘yicha qator tashabbuslar ilgari surildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.