Yosh matematiklar olimpiadasi yakunlandi
Toshkent shahridagi Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatida Al-Xorazmiy nomidagi yosh matematiklar xalqaro olimpiadasining yopilishi hamda g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan mazkur olimpiadani tashkil etishdan asosiy maqsad buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, iqtidorli o‘quvchilarda xalqaro olimpiadalarda muvaffaqiyatli qatnashish ko‘nikmasini shakllantirishdan iborat.
14-15 yoshli o‘quvchilar o‘rtasidagi ushbu olimpiada O‘zbekistonda ikkinchi marta o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon davlatlarining 120 nafardan ortiq vakili ishtirok etdi.
Olimpiada bahslari yozma ish shaklida o‘tkazildi. Ishtirokchilarga 2 turdan iborat bahslarda 4 tadan, jami 8 ta masala berildi. Har bir masala 10 ball, umumiy 80 ball bilan baholandi.
— Mazkur olimpiada 2023 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilmoqda, — dedi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Umid Rahmonov. — Yozma ish vazifalariga dunyo mualliflarining matematika bo‘yicha topshiriqlari kiritildi. O‘ylaymanki, olimpiadaning geografiyasi, ishtirokchilari safi yanada kengayadi. Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika olimpiadasining alloma nomidagi maktabda o‘tkazilgani ta’lim sohasidagi yuksak islohotlar natijasidir. Olimpiada nainki yosh matematiklar bellashuvi, balki yurtimizdagi yangilanish jarayonlari bilan tanishuvlarga, qiziqarli muloqotlar, ekskursiyalarga boy bo‘ldi.
Xalqaro olimpiada g‘oliblarining 55 nafari musobaqa tashkilotchilari tomonidan turli medallar bilan taqdirlandi. Ishtirokchilardan 10 nafari oltin, 19 nafari kumush, 26 nafari bronza medali bilan taqdirlandi.
— Al-Xorazmiy nomidagi yosh matematiklar xalqaro olimpiadasi juda yuqori saviyada o‘tdi, — deydi oltin medal sohiblaridan biri, qozog‘istonlik ishtirokchi Sherxan Jaqsiliq. — Olimpiada savollari fikrlashga undashi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Olimpiada bahslarida eng yaxshi natija ko‘rsatgan 6 nafar o‘zbekistonlik o‘quvchi joriy yilning 25-30 iyun kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida o‘smirlar o‘rtasida o‘tkaziladigan xalqaro 28-Bolqon matematika olimpiadasida ishtirok etadigan O‘zbekiston terma jamoasi tarkibiga kiritiladi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri