“Yosh maslahatchilar” kengashi faoliyat boshladi
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzurida tashkil etilgan “Yosh maslahatchilar” kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
“Yosh maslahatchilar” kengashi a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Bola huquqlari bo‘yicha ombudsman, Yoshlar parlamenti a’zolari, keng jamoatchilik hamda jurnalist va blogerlar ishtirok etgan tadbirda Agentlik qoshida tashkil qilingan “Yosh maslahatchilar” kengashi faoliyatiga start berish, ommalashtirish hamda kengashning tarkibiy tuzilmasini tasdiqlash kabi bir qator tashkiliy masalalar muhokama qilindi.

Tadbir doirasida kengash raisi, kotibi va o‘rinbosarlari saylandi.
“Yosh maslahatchilar” kengashning asosiy maqsad va vazifasi mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini baholashda jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatan rivoji yo‘lida daxldorlik ruhida tarbiyalash, o‘z tengdoshlari muammolari yechimini izlashda davlat idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilish, yoshlar tashkilotlari faoliyatiga amaliy ko‘mak berishdan iboratdir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar komissiyasi a’zolari tomonidan bugungi kunda yoshlarga oid davlat siyosati yo‘nalishidagi mavjud muammolarni ro‘y-rost ko‘tarish, yoshlarni qiynayotgan muammolarga jamoatchilik e’tiborini jalb qilish orqali tizimli monitoring ishlarini tashkil qilish – kengashning doimiy vazifasi bo‘lishi kerakligi aytib o‘tildi.
Kengash tomonidan mustaqil organ sifatida bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bola huquqlari bo‘yicha Ombudsmani bilan doimiy hamkorlikda faoliyat olib borish bo‘yicha uzoq yillik strategik yo‘nalishlar kelishib olindi.

Shuningdek, mamlakat parlamenti vakillari bilan birgalikda yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, siyosiy jarayonlarda yoshlarning haqiqiy yetakchi sifatida namoyon bo‘lishini ta’minlaydigan tizimli targ‘ibot va tashviqot ishlarini doimiy ravishda amalga oshirish,pirovardida, yoshlarning qonunchilik tashabbuslari jarayonida faol ishtirokini ta’minlashga erishish borasida hamkorlik o‘rnatildi.
Ma’lumot tariqasida shuni aytib o‘tish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori “Yosh maslahatchilar” kengashi raisi hisoblanadi. Kengashning jami tuzilmasi doimiy ravishda 15 kishidan iborat bo‘ladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA