Yosh kitobxon oilalar safi ko‘paymoqda
Namangan viloyatining Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani” axborot kutubxonacida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida “Besh tashabbus olimpiadasi”ning loyihalaridan biri – “Yosh kitobxon oila” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlov aholi o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ayniqsa, yoshlar va oilalarda mutolaaga bo‘lgan mehrni kuchaytirish, o‘zaro mehr-oqibat, odob-axloq fazilatlarini shakllantirish hamda adabiyotga muhabbat uyg‘otishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

– Joriy yilda viloyatimiz bo‘ylab o‘tkazilgan tanlovning ilk bosqichlarda 30 yoshda bo‘lgan 10 mingdan ziyod oilalar ishtirok etish istagini bildirgan, – deydi Namangan viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Mirzatov. – Shulardan 14 ta eng bilimdon va o‘qimishli oila vakillari shahar, tuman hududiy bosqichlarida g‘olib chiqib, viloyat ko‘rigida o‘z salohiyat va tafakkurini namoyon qildi.

Tanlov ikki bosqichda tashkil etilib, dastlabki “badiiy asarlar bilimdoni” shartida ishtirokchilar keltirilgan asarlarning g‘oya va mazmunini sharhlab berdilar. Keyingi “tezkor savol-javob” sinovi ham qizg‘in tarzda kechib, unda kitobxon oilalarning o‘qilgan asarlarga oid bilimi sinab ko‘rildi.

Hakamlar hay’ati baholash mezonida qatnashchilarning badiiy tafakkuri, nutq madaniyati va asar mazmunini anglash darajasiga alohida ahamiyat qaratdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, tanlovida Mingbuloq tumanidan Isog‘aliyevlar oilasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublika final bosqichiga yo‘llanma oldi. Yangi Namangan tumanidan Isroilovlar oilasi faxrli ikkinchi, Namangan tumanidan Sotiboldiyevlar oilasi esa uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.

G‘olib va faol ishtirokchilar Yoshlar ishlari agentligining diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.