Yosh ijodkorlar uchun rag‘bat
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning adabiy salohiyatini namoyon etishi va yangi iste’dodlarni keng jamoatchilikka tanitish maqsadida tashkil etilgan «Yolqin» teletanlovining saralash bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur teletanlov Yozuvchilar uyushmasi, «O‘zsanoatqurilishbank» va «Madaniyat va ma’rifat» telekanali hamkorligida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yosh ijodkorlar o‘rtasida tashkil etilmoqda. Tanlovda ishtirok etish uchun ijodkorlar ilgari e’lon qilinmagan she’rlarini taqdim etdilar.
Ijodiy ishlar hakamlar hay’ati tomonidan she’rning mazmuni, badiiy g‘oyasi va originalligi kabi mezonlar asosida baholandi. Dastlabki saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan ijodiy ishlar tanlovning keyingi bosqichida g‘oliblikka da’vogar sifatida ishtirok etadi. Saralash jarayonida yuqori baholangan ijodiy ishlar tashkilotchilarning rasmiy sahifalarida e’lon qilib boriladi.
Tanlovning yakuniy bosqichida eng munosib deb topilgan nomzodlar «Qaqnus» teledasturiga taklif etiladi. Teledastur jarayonida ular orasidan mutloq g‘oliblar aniqlanadi. Yakuniy bosqichida g‘olib va sovrindorlar quyidagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
1-o‘rin -1 nafar g‘olibga 30 million so‘m;
2-o‘rin - 2 nafar g‘olibning har biriga 17 million so‘mdan;
3-o‘rin - 3 nafar g‘olibning har biriga 12 million so‘mdan.
Shuningdek, saralash va yakuniy bosqichlarda faol ishtirok etgan ijodkorlarga hakamlar tavsiyasiga ko‘ra 5 million so‘mdan rag‘batlantiruvchi sovrinlar taqdim etiladi.
Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi rahbariyati va uyushma a’zolari, taniqli shoir va shoiralar, shuningdek, yosh ijodkorlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo hamda uyushma raisi o‘rinbosari Farida Afro‘z yosh ijodkorlarning adabiyotdagi o‘rni, ularni qo‘llab-quvvatlash va ijodiy izlanishlarini rag‘batlantirishning ahamiyati haqida so‘zladilar.
[gallery-31619]
Tadbir doirasida Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, ustoz ijodkorlar ishtirokida yosh ijodkorlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Shuningdek, unda yosh ijodkorlarning she’riy chiqishlari namoyish etildi. «Yolqin» teletanlovi yosh ijodkorlarning adabiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning ijodiy ishlarini keng jamoatchilikka yetkazish hamda yangi avlod shoirlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Tanlov doirasida yosh qalamkashlarga o‘z asarlarini keng auditoriyaga taqdim etish, tajribali ijodkorlar bilan muloqot qilish va professional adabiy muhitda o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazish imkoniyati yaratildi.
N.Usmonova, O.Pardayev (surat). O‘zA