“Futbolimiz kelajagi” turnirining g‘oliblari aniqlandi
Mahallalar bolalar futbol jamoalari o‘rtasidagi “Futbolimiz kelajagi” an’anaviy turnirining Toshkent shahar bosqichi yakunlandi.
Mahallalar bolalar futbol jamoalari o‘rtasidagi “Futbolimiz kelajagi” an’anaviy turnirining Toshkent shahar bosqichi yakunlandi.O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta’limi vazirliklari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan qator davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan musobaqada poytaxtimizning barcha tumanidan mahalla futbol jamoalari g‘oliblik uchun bahslashdi.
“Futbolimiz kelajagi” an’anaviy turniri mahalla yoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida futbolni yanada ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkaziladi.
– Bunday musobaqalar bolalarning tajriba va mahoratini sinovdan o‘tkazish bilan birga, futbolga ishtiyoqini yanada oshiradi, – deydi “Mirobod” jamoasi murabbiyi Ziyovuddin Turdiyev. – Kelajakda bolalarning barchasi ham futbolchi bo‘lmasligi mumkin. Biroq ular sog‘lom turmush tarziga rioya qilib voyaga yetadi, har tomonlama barkamol insonlar bo‘lib ulg‘ayadi.
Musobaqaning 9-10 yoshli futbolchilari o‘rtasida Mirobod tumanidagi Bilimdon mahallasi jamoasi birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, 11-12 yoshlilar o‘rtasida Olmazor tumanidagi Guruchariq mahallasi yosh sportchilari bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. 13-14 yoshli futbolchilar o‘rtasida Sirg‘ali tumanidagi Xonobod mahallasi jamoasi g‘olib chiqdi.
Turnirning g‘olib va sovrindorlariga kubok va esdalik sovg‘alari topshirildi.