Yosh dzyudochilar bahsi qizg‘in o‘tmoqda
Farg‘ona shahrida dzyudo bo‘yicha 2009-2010 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazilmoqda. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan 800 nafardan ziyod yosh polvonlar chempionlik uchun kurashmoqda.
Mamlakat chempionatining ikkinchi kunida qizlar -36, -40, -44, -48 kg, o‘g‘il bolalar esa -50, -55 va -60 kg vazn toifalarida medallar uchun bahs olib bordi. Musobaqaning o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bellashuvlarida Rishod Ro‘zmamatov, Abubakr Sattorov, Mirsaid Jo‘rayev shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Qizlar orasida esa Iroda Sirojiddinova, Alina Kolyucheva, Charos Hikmatova hamda Diana A’zambekova oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, mazkur yetti vazndan uchtasida Toshkent viloyati dzyudochilari chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi. Qolgan to‘rt vazn toifasida Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Jizzax viloyati sportchilari chempionga aylandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA