“Yosh chegarachilar” musobaqasi: tarix, bilim va jasorat uyg‘unligi
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizda kecha start olgan “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining respublika bosqichi bahslari yuksak saviyada tashkil etildi. Mazkur musobaqa Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari hamda qator vazirlik va tashkilotlar hamkorligida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda.
Avval xabar qilinganidek, musobaqaning yakuniy bosqichida ishtirok etayotgan 13 ta jamoa tarkibidagi 130 nafar o‘quvchi poytaxtda kutib olinib, dastlab O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi binosida jam bo‘ldi. Bu yerda ular bilan o‘tkazilgan uchrashuv davomida mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ular uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, ishtirokchilar DXX Chegara qo‘shinlari faoliyatiga bag‘ishlangan videoroliklarni tomosha qilib, harbiy xizmatchilar bilan muloqotda bo‘ldi.
[gallery-29494]
Kunning ikkinchi yarmida esa yosh chegarachilar uchun poytaxtimizdagi “Zakovat” arena majmuasida intellektual bellashuv tashkil etildi. Musobaqaning 15 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur “Zakovat” o‘yinida har biri olti nafar ishtirokchidan iborat jamoalar bilim va tafakkur borasida o‘zaro kuch sinashdi.
Ikki turdan iborat bellashuvda tarix, ilm-fan, mantiqiy mazmundagi jami 24 ta savol o‘ynaldi. Savollar ishtirokchilarning tezkor fikrlash, jamoaviy hamjihatlik va tahlil qilish qobiliyatini sinovdan o‘tkazdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan intellektual bahslarda Namangan viloyatining “O‘zbegim o‘g‘lonlari” jamoasi eng yuqori natijani qayd etib, g‘olib bo‘ldi. Sirdaryo viloyatining “Burgutlar” jamoasi ikkinchi, Buxoro viloyatining “Burgutlar” jamoasi uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
G‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan ko‘chma kubok, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Intellektual bellashuvdan so‘ng ishtirokchilar uchun “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga ma’naviy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi. Sayohat davomida yoshlar xalqimizning Ikkinchi jahon urushi yillarida front va front ortida ko‘rsatgan qahramonligi, jasorati va matonati haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi. Ayniqsa, Matonat madhiyasi monumenti ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Mazkur yodgorlik orqali yoshlar urush yillarida besh nafar o‘g‘lidan ayrilgan bo‘lsa-da, irodasi sinmagan Zulfiya aya Zokirovaning sabr-matonati va jasoratini qalban his qildi.
Shuningdek, majmua hududida joylashgan “Millat fidoyilari” xiyobonida yoshlar mustaqillik yillarida yurt tinchligi, xalq osoyishtaligi va davlat sarhadlari daxlsizligini ta’minlash yo‘lida halok bo‘lgan qahramonlar xotirasiga ehtirom bajo keltirdi.
Tarix va bugunni o‘zaro bog‘lab turgan ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlarda Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va fidoyilik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Kamola Yusupova, O‘zA