Yosh bokschilarimiz Olimp cho‘qqisini ko‘zlamoqda
Joriy yilning 16-28-avgust kunlari Xitoyning Nankin shahrida bo‘ladigan o‘smirlar o‘rtasidagi II Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekistondan 28 nafar iqtidorli yoshlar sportning o‘n to‘rt turi bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etadi.
Joriy yilning 16-28-avgust kunlari Xitoyning Nankin shahrida bo‘ladigan o‘smirlar o‘rtasidagi II Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekistondan 28 nafar iqtidorli yoshlar sportning o‘n to‘rt turi bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etadi. Olimpiadaning saralash turniridan muvaffaqiyatli o‘tgan uch nafar bokschimiz – Bektemir Meliqo‘ziyev, Sulaymon Latipov va Kozimbek Mardonov ham bo‘lajak bahslarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda navqiron avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol qilib tarbiyalash, ular o‘rtasida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida o‘zbek boks maktabi ham jahonda yetakchilar qatoridan joy oldi.
– O‘zbek boks maktabining mavqei tobora yuksalib borayotir, – deydi boks bo‘yicha yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Marat Qurbonov. – Yurtimizda kamol topgan charm qo‘lqop ustalari barcha nufuzli musobaqalarda muntazam yuqori o‘rinlarni egallab kelayotgani ushbu sport turiga qaratilayotgan alohida g‘amxo‘rlik samarasidir. Sportchilarimiz Nankin Olimpiadasida ham iste’dod va mahorat bobida hech kimdan kam emasligini isbotlashga qodir.
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarorida iste’dodli yoshlarni yirik sport anjumanlariga har tomonlama tayyorlash alohida belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston boks federatsiyasi sportchilarning bo‘lajak musobaqaga puxta hozirlik ko‘rishi uchun yetarli sharoit yaratib berdi. Bokschilarimiz malakali murabbiylar va mutaxassislar boshchiligida kuchaytirilgan mashg‘ulotlarni o‘tamoqda. Mashq jarayonida olingan bilim va ko‘nikmalar xalqaro miqyosdagi musobaqalarda sinovdan o‘tkazilayotir.
Nankin Olimpiadasiga boradigan uch nafar bokschimiz Toshkent viloyatidagi Yangiobod sport bazasida so‘nggi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etmoqda. Murabbiylar sportchilarning jismoniy, texnik, taktik va ruhiy tayyorgarligini oshirish uchun mashqlarni ochiq havoda, tog‘ yonbag‘irlari va soy bo‘yida olib bormoqda.
Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) qaroriga ko‘ra Nankinda ringga chiqadigan bokschilarga Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun birgina imkoniyat berildi. Bolgariyada dunyoning yuzdan ortiq mamlakatidan kelgan 600 nafardan ziyod bokschi ishtirokida o‘tkazilgan jahon chempionati o‘smirlar Olimpiadasining yagona saralash turniri bo‘ldi. Nufuzli musobaqada Bektemir Meliqo‘ziyev oltin, Sulaymon Latipov kumush, Kozimbek Mardonov va Ikboljon Xoldorov bronza medalni qo‘lga kiritdi. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi shartlariga ko‘ra, bir mamlakatdan ko‘pi bilan uchta bokschi qatnashishi belgilangan. Shu munosabat bilan o‘smirlar Olimpiadasida Vatanimiz sharafini Bektemir Meliqo‘ziyev, Sulaymon Latipov va Kozimbek Mardonov himoya qiladigan bo‘ldi. O‘zbekiston Nankinga to‘liq tarkib – uch nafar bokschi bilan boradigan sanoqli mamlakatlardan biridir.
Sport muxlislarining farg‘onalik Bektemir Meliqo‘ziyevdan umidi katta. Kuchli texnika, mustahkam himoya va tezkor zarbaga ega bo‘lgan yosh bokschimiz xalqaro maydondagi ilk g‘alabasiga 2012-yili Ozarbayjondagi xalqaro turnirda erishgan. Shundan so‘ng, Serbiya, Rossiya va Tailandda o‘tkazilgan xalqaro musobaqalarda sovrindorlar safidan joy oldi.
Joriy yilda uning g‘alabalari salmog‘i yanada ortdi. Dastlab Tailandning Bangkok shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida shohsupaning eng yuqori pog‘onasi ko‘tarilgan Bektemir aprel oyida Bolgariyaning Sofiya shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Namangan viloyati mezbonlik qilgan “Barkamol avlod – 2014” respublika musobaqalarida g‘olib bo‘ldi.
– Bu yil men uchun juda omadli keldi, – deydi B.Meliqo‘ziyev. – Muvaffaqiyatlarimni Nankin Olimpiadasida ham davom ettirish uchun bor mahoratimni ishga solaman. Dunyo yoshlarining bu sport anjumani eng ulug‘, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining 23-yilligi arafasida bo‘ladi va biz bu shodiyonaga munosib sovg‘a tayyorlashga astoydil harakat qilamiz. Zero, jahon maydonlarida yurtimiz sha’nini himoya qilish imkoniga ega bo‘lganimiz istiqlolimiz sharofatidir.
Buxorolik Sulaymon Latipov Olimpiada medallariga da’vogarlardan biri. O‘n olti yoshli bokschi 2013-yili Qozog‘istonda o‘smirlar o‘rtasida o‘tgan Osiyo chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi. 2014-yilgi jahon chempionatida ikkinchi o‘rinni egallab, Nankin Olimpiadasi yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
Jahon chempionati bronza medali sovrindori Kozimbek Mardonov ham Farg‘ona boks maktabi tarbiyalanuvchilaridan. Boks bo‘yicha 2013-yili Qozog‘iston va joriy yil Tailandda o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi qit’a chempionatlarida raqiblaridan ustun ekanini isbotlab, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Yaqinda Serbiyaning Subotitsa shahrida o‘tkazilgan xalqaro turnirda barcha raqibini mag‘lubiyatga uchratgan Kozimbek oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Xitoyning Nankin shahri mezbonlik qiladigan o‘smirlar o‘rtasidagi II Olimpiya o‘yinlari yosh sportchilar uchun katta sinov, tajriba va mahorat maktabi vazifasini o‘tashi shubhasiz. O‘zbekistonlik yosh bokschilar uchun Nankindagi bellashuvlar 2016-yili Rio-de-Janeyroda o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiadaga muhim tayyorgarlik bosqichi bo‘lib xizmat qiladi.