Yosh atletlar musobaqasi
Respublika olimpiya zaxiralari kollejida 2003-2004-yillarda tug‘ilgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.
Respublika olimpiya zaxiralari kollejida 2003-2004-yillarda tug‘ilgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.Chempionatning 600 va 1000 metr masofaga yugurish bahslarida surxondaryolik Javohir Nazirov marraga birinchi yetib kelib, ikkita oltin medalni qo‘lga kiritdi. 60 va 300 metrga yugurishda toshkentlik Oskar Ko‘chmurodovga teng keladigani topilmadi.
Qizlar o‘rtasida farg‘onalik Dilbarxon Abdulhamidova (600 va 1000 metr), Toshkent viloyatidan Alina Oydinova (300 metr), poytaxtlik Adelina Borsheva (60 metr) shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
400 metrga estafeta bahslarida o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida Toshkent shahri jamoasi birinchi bo‘ldi.
60 metr masofaga to‘siqlar osha yugurish hamda uch kurash bahslarida Toshkent viloyatidan Edgar Burhonov va farg‘onalik Ismigul Akbarova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Uzunlik va balandlikka sakrashda sirdaryolik Ulug‘bek Toshbekov, toshkentlik atletlar Nikita Pak, Farida Yashinova, Alina Tebenkova g‘alaba qozongan bo‘lsa, yadro uloqtirishda farg‘onalik sportchilar Ayubxon Fayozov va Mahliyo Tojaliyevaning mahorati yuqori baholandi.