Yosh alpinistlar Boysun tog‘larida bellashmoqda
Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi “Tangisar” kanonida tog‘-ekstremal turizmi alpiniadasi bo‘lib o‘tmoqda.
Osmono‘par tog‘lar qo‘ynidagi “Xo‘jamayxona” darasida ilk marta tashkil etilgan bellashuvda mamlakatimizdagi o‘nga yaqin oliy ta’lim muassasasining eng sara yosh alpinistlari ishtirok etib, o‘zaro kuch sinashadi.

– Musobaqani o‘tkazishdan maqsad – yurtimizda sport turizmi va alpinizmni keng targ‘ib qilib, rivojlantirishdan, yoshlarda sportning ekstremal tog‘ turizmiga qiziqishini yanada oshirishdan iborat, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev. – Bellashuvlar jamoaviy birinchilik shaklida o‘tkaziladi. Unda 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan sport va turizm bilan shug‘ullanadigan to‘garak hamda seksiyalardan uch nafar o‘g‘il, bir nafar qiz ishtirok etadi. Bir nafari zaxirada qatnashadi.
Mutaxassiclarning fikricha, dunyoda ommaviylashib borayotgan ekstremal turizm turistlarning maxsus tayyorgarligini, mavjud to‘siqlarni yengib o‘tishni talab etadigan sayyohlik turi sanaladi. Mamlakatimizda ham bu yo‘nalishni rivojlantirish uchun katta imkoniyat mavjud. Ayniqsa, tog‘ cho‘qqisini zabt etish, g‘orda sayr qilish, snoubord, tog‘ velosipedi, paraplan va deltaplanda uchish, tog‘ chang‘isi kabi turlarini keng yo‘lga qo‘yish uchun qulay sharoit mavjud. Boysun tumanida o‘tkazilayotgan bellashuvda jamoalar tog‘ cho‘qqisini zabt etish va kompos yordamida nazorat nuqtasini topish uchun harakat qiladi.

Viloyat hokimligi, Respublika ekstremal va tog‘ turizmi federatsiyasi, viloyat madaniyat va turizm boshqarmasi hamkorligida tashkil etilayotgan musobaqaning asosiy bellashuvlariga ertaga start beriladi.
G‘olib jamoalar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib, joriy yilning oktyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan mamlakat chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA