Yorqishloqda tomorqachilik rivojlanmoqda
Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi ishchi guruh Chust tumanining Yorqishloq mahallasida bo‘lib, aholi tomorqalaridan samarali foydalanayotganiga alohida e’tibor qaratdi.
Mahalla hududidagi deyarli har bir xonadon tomorqasida issiqxona xo‘jaligi, chorvachilik, parrandachilik hamda asalarichilik yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, Sherqo‘zi Nurmatov tomorqasi issiqxona tashkil etib, bir vaqtning o‘zida pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri va kartoshka yetishtirmoqda. Dilshodbek Umarov esa asalarichilikka e’tibor qaratib, mavsumda o‘rtacha 50-60 million so‘mdan ziyod daromad olmoqda. Shuningdek, Foziljon Mamajonov xonadonida ham issiqxona va chorvachilik yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-27650]
Xonadon sohiblari viloyat rahbari bilan suhbat chog‘ida yurtimizdagi osudalik tufayli halol mehnat qilib, farzandlar tarbiyalayotgani, oilaviy farovonlikka erishayotgani, amalga oshirilayotgan islohotlardan behad minnatdor ekanligini bildirishdi.
Ishchi guruhi Yorqishloqning Islohot ko‘chasida to‘plangan o‘ziga xos tajribani keng ommalashtirish, aholi tomorqalaridan oqilona foydalanish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, daromad manbalarini ko‘paytirish hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA