"Yonhap": Janubiy Koreya, AQSH va Yaponiya qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni boshladi
Janubiy Koreyaning Cheju oroli yaqinidagi xalqaro suvlarda Janubiy Koreya, AQSH va Yaponiya ishtirokida “Freedom Edge” nomli besh kunlik qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarga start berildi.
Axborot hamkorimiz - “Yonhap”ning yozishicha, ushbu mashg‘ulotlarda uch mamlakatning asosiy dengiz va havo kuchlari qatnashmoqda. Mashqlardan ko‘zlangan asosiy maqsad dengiz, havo hamda kiberxavfsizlik sohalarida birgalikda harakat qilish va operativ hamkorlik imkoniyatlarini oshirishdan iborat.
Rasmiy Seulga ko‘ra, bu tadbir Pxenyan tomonidan tahdid solayotgan “yadro va raketa xavfi”ga qarshi turish salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan. O‘z navbatida, Shimoliy Koreya rahbariyati 31-avgust kuni ushbu uch tomonlama mashg‘ulotlarni “havo orqali ayg‘oqchilik qilish” deb baholagan edi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA