Yong‘inlarni oldini olish eng muhim vazifa
Buxoroda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida yil davomida amalga oshirilgan faoliyat sarhisobiga bag‘ishlab matbuot anjumani tashkil etildi. Unda soha mutaxassislari, jurnalist va blogerlar qatnashdi. Anjumanda boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Dilmurod Yangiyev axborot berdi.
Ta’kidlanganidek, viloyatning shahar va tumanlarida joriy yil o‘tgan 11 oyida jami 812 ta yong‘in sodir bo‘lgan. Ming afsuski, bu turdagi baxtsiz hodisa va ofatlar natijasida 20 ga yaqin fuqaro turli darajada tan jarohati olib, kasalxonaga yotqizilgan bo‘lsa, beparvolik, arzimas sabablar tufayli 4 nafar fuqaro bu hayotdan erta ko‘z yumgan. Yong‘inlardan ko‘rilgan moddiy zarar miqdori esa 6 milliard 156 million 407 ming so‘mdan kam emas. E’tiborlisi, yong‘in holatlari o‘tgan yilning shu davriga qiyoslanganida, nisbatan 29 taga kamaygan. Ammo, tan jarohati olish va o‘lim bilan bog‘liq ko‘rsatkich, qolaversa, moddiy zarar miqdori 41 foizga ko‘paygan.
Ro‘y bergan yong‘inlarning asosiy qismi, ya’ni 327 tasi yoki 40 foizi elektr uskunalaridan, 187 tasi yoki 23 foizdan oshig‘i isitish pechlaridan noto‘g‘ri foydalanish natijasida, yana shunchasi ochiq olovdan noto‘g‘ri va ehtiyotsizlik bilan foydalanish oqibatida kelib chiqqan. Qayd qilingan yong‘inlarning 79 tasi yoki 17,6 foizi bolalarning sho‘xligi va yashirincha olov o‘ynashidan, 39 tasi transport vositalarining nosozligidan, 14 tasi texnologik hodisalar oqibatida, yana shunchasi qasddan o‘t qo‘yish oqibatida yuz bergan. Yong‘inlar jabhalar bo‘yicha tahlil qilinganda, ularning 733 tasi yoki 90 foizdan oshig‘i aholi yashash joylarida, 43 tasi transport vositalarida, 15 tasi yong‘inga xavfli materiallar ochiq saqlanadigan joylarda, 7 tasi madaniy, maishiy va ma’muriy binolarda, 5 tasi inshoot–qurilmalarda, shuningdek, omborxona, savdo-sotiq korxonalari va ishlab chiqarish sexlarida qayd qilingan.
«Beayov yov» o‘tgan yilning shu davriga nisbatan G‘ijduvon tumanida 111 tadan 121 taga, Qorovulbozor tumanida 8 tadan 14 taga, Jondor tumanida 72 tadan 81 taga, Vobkent tumanida 45 tadan 56 taga, Peshko‘ tumanida 60 tadan 62 taga ko‘paygani hududlarda faoliyat samaradorligiga erishish naqadar muhimligidan dalolat beradi. Keng qamrovli xizmat doirasida viloyatdagi 87 ming 500 dan oshiq turar joy, 1 ming 732 ta ko‘p qavatli uy-joy va ulardagi 44 ming 767 ta xonadonning yong‘inga qarshi holati tekshirilgan va 19 mingdan ortiq korxona-tashkilot, muassasa va idoraning yong‘in xavfsizlik tartib-me’yorlariga javob berishi batafsil o‘rganilgan. Natijada ulardagi nuqson-kamchiliklar bartaraf qilingan.
[gallery-5271]
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining elektron veb-saytlari va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda hozirga qadar 1 ming 600 dan oshiq tizimida amalga oshirilayotgan sa’y-harakat, ogohlikka chorlovchi e’lonlar, xabarlar, lavhalar va sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, shu jumladan, yong‘inlar haqida ma’lumotlar peshma-pesh joylashtirilayotgani fuqarolar xabardorligi va hatto hushyorligi va ehtiyotkorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Tarmoqda yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzayotgani bois shu yil o‘tgan davrida 1 ming 131 nafar rahbar, javobgar shaxs va fuqarolarga nisbatan umumiy qiymati 207 million 179 ming 900 so‘m miqdorida ma’muriy chora-ko‘rilgan. Yong‘in xavfsizligiga doir qayd qilingan muammoni zudlik bilan bartaraf etishga panja orasidan loqayd qaragani bois 531 ta korxona, bino va inshootning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan bo‘lib, ularda 3 ming 397 ta elektr uskunasi, moslama va agregatlardan foydalanish qat’iyan taqiqlangan. Shahar va tumanlar hokimliklariga 386 marta, boshqarmalar va yuqori tashkilotlarga 902 marotaba axborotnoma, ma’lumotnoma va taqdimnomalar kiritilgan.
Ayni kunda viloyat hududida favqulodda holatlar va yong‘inga qarshi kurashishda suv ta’minotiga e’tibor qaratilmoqda. Bunda jami 2 ming 871 ta yer osti suv inshooti, 1 ming 503 ta yong‘inga qarshi suv hovuzi va 3 ta pirs mavjud bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida yong‘in qutqaruv qismlari shaxsiy tarkibi tomonidan mavjud barcha gidroinshoot, suv havzasi nazorat tartibida o‘rganilib, nosoz holda bo‘lgan 204 ta yong‘inga qarshi suv olgich inshooti, 105 ta yong‘inga qarshi suv hovuzi ta’mirdan chiqarilgan. Shu yil davomida esa 47 ta yangi suv olgich shoxobchasi va 7 ta yangi suv hovuzi qabul qilib olingan. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillariga batafsil ma’lumot berilgan matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan qator savollarga mutasaddilardan javob oldi.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi aholi va rahbarlar tarkibini tayyorlash markazida yong‘in xavfsizligi hamda tezkor qutqaruv xizmatlari shaxsiy tarkibi foydalanadigan maxsus transport vositalari, xizmatda qo‘l keluvchi uskuna va mexanizmlar ko‘rgazmasi ham yig‘ilganlarni befarq qoldirmadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA