Yo‘lovchi tashish masalalariga doir seminar
Soliq qo‘mitasi tashabbusi bilan hududiy soliq boshqarmalarida ZOOM platformasi orqali yo‘nalishsiz taksida yo‘lovchi tashuvchilarga mijozlarni izlash bo‘yicha interaktiv xizmatlarni ko‘rsatuvchi agregatorlarni soliq organlari axborot tizimlariga integratsiyalash jarayonlari va soliq qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda Buxoro viloyatida avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanadigan 10 dan ortiq korxona vakillari hamda sohaga agregatorlik xizmatlarini ko‘rsatuvchilar ham qatnashdi.

Seminarda Soliq qo‘mitasi, Transport vazirligi va sohaga daxldor boshqa organlar mas’ullari avtomobil transportining yo‘lovchi tashish faoliyatini amalga oshirish uchun belgilab berilgan talablar va sohada yashirin iqtisodiyot darajasini pasaytirish yuzasidan so‘z yuritdi.
Yig‘ilganlarga avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini faqatgina agregatorlar xizmatidan foydalangan holda amalga oshirishi, yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilarda o‘zini-o‘zi band qilgan holda faoliyatni amalga oshirishga litsenziya varaqasi shartliligi, mijozlarni izlash bo‘yicha maxsus dasturlarni soliq qo‘mitasining elektron axborot bazasi hamda tegishli yagona interaktiv axborot tizimiga integratsiyalash hamda yo‘lovchilarga taksi xizmatlari uchun chek berish lozimligi aytib o‘tildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda Buxoro viloyatida yo‘nalishsiz taksida yo‘lovchi tashuvchilarga mijozlarni izlash bo‘yicha interaktiv xizmatlarni ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar 13 tani tashkil etadi. Biroq ularning aksariyati soliq organlari axborot tizimlariga integratsiya qilinmagan.
Seminarda ishtirokchilarga axborot xavfsizligi talablari, amalga oshiriladigan integratsiya jarayonlarining tekinligi va yo‘lovchilarga elektron fiskal chek taqdim etish tartibi tushuntirildi. Jumladan, agregatorlarga “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markaziga integratsiyalash yuzasidan murojaat yo‘llash bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri